“Maʼnaviyat oyligi” doirasida IIV Malaka oshirish instituti oʻquv kursiga jalb qilingan tinglovchilarning ruhiy psixologik holatini oʻrganish, ular bilan psixologik treninglar oʻtkazish maqsadida “Ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatida psixologik bilimlarning oʻrni” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Davra suhbatida psixolog A.Abdullaev soʻzga chiqib, huquqbuzarlikning oldini olish muammosini samarali hal etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlari oʻzlariga berilgan vakolat doirasida samarali faoliyat yuritib kelayotganligi, jinoyatlarning kelib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, voyaga yetmaganlarga alohida yondashuv asosida taʼlim-tarbiya berish xususida atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, hozirgi paytda sodir etilayotgan jinoyatlar asosida ijtimoiy tarmoqlarning hamda nosogʻlom oilaviy muhitning taʼsir etayotganligiga eʼtibor qaratib, buning oldini olish uchun oiladagi muhitni yaxshilash, yoshlarni vatanparvarlik, mardlik ruhida tarbiyalash kerakligi toʻgʻrisida taʼkidladi.
Tinglovchilarda davra suhbati ijobiy taassurot qoldirdi.
IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati.
