Tanlov
Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimalari oʻrtasida “Toʻmaris izdoshlari - 2023” tanlovi boʻlib oʻtdi. 32 nafar soha vakillari 6 ta shart, jumladan, “AK-74” avtomati hamda “PM-9” toʻpponchasidan 100 metr uzoqlikdagi nishonga urishga oid mahoratlarini namoyish qildilar.
Keyingi shartlarda jarohat oqibatida oqayotgan qonni toʻxtatish, bogʻlash hamda gaz niqob kiygan holda yaradorni xavf hududidan olib chiqish amaliyoti bajarildi. Bu jarayonda niqoblanish va qurolni asrash masalasi ham eʼtiborda boʻldi.
Soʻng 800, 400, 200, 100 metrga estafeta tayoqchasi bilan yugurildi. Shuningdek, 50 metr masofaga suzish boʻyicha bellashildi. Bundan tashqari, xodimalarning dala sharoitida palov ham non pishirishga oid salohiyatlari sinovdan oʻtkazildi. Har bir shartning belgilangan talab va muddatlarda sifatli uddalanishi Jizzax viloyati IIB sohaviy xizmatlari masʼullari tomonidan baholab borildi.
— Ushbu tanlovda Jizzax shahar IIB JXX HPB voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi inspektor-psixologi, katta leytenant Mohinur Gʻoziyeva, Doʻstlik tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant Sarvinoz Abduvaliyeva, Sharof Rashidov tumani IIB JXX HPB voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, kapitan Sojida Jumanova singari hamkasblarimiz ijobiy natijalarga erishdilar, — deydi Jizzax viloyati IIB maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmatining xotin-qizlar masalari boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Lola Mamatqulova. — Oʻz navbatida tanlov gʻoliblaridan 12 kishilik jamoa shakllantirdik va ular tez kunlarda Samarqand viloyatida uyushtiriladigan “Toʻmaris izdoshlari - 2023” tanlovining 2-bosqichida qatnashadilar.
Tanlov yakunida gʻoliblarga viloyat IIB tomonidan taʼsis etilgan sovgʻalar topshirilib, Samarqandda oʻtajak bellashuvlarda muvaffaqiyatlar tilandi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.