Faxriylar – faxrimiz

Bu hodisa 1997-yili sodir boʻlgan. Gʻallaorol tumani IIB tergov guruhi boshligʻi Berdibek Ummatov ertalab xizmat xonasiga kirishi bilan telefon jiringladi. Goʻshakni koʻtargan zahoti navbatchi «Sarbozor» mahallasi hududidagi doʻkondan yirik miqdorda pul oʻgʻirlanganligini maʼlum qildi. Oʻn daqiqa oʻtar-oʻtmas tergov-tezkor guruhi tarkibida aytilgan manzilga yetib borgan mayor voqea joyini koʻzdan kechirib, jinoyat doʻkonga aloqador shaxs tomonidan sodir etilganligiga amin boʻldi.

Chunki qulf buzilmagandi, qolaversa, omborxonadagi ehtiyot qismlar orasiga pul yashirilganligini begona kishi bilishi mumkinmi? Bino orqasidagi katta qulf osilgan temir eshikning quyi qismi biroz qayrilgani ham tergov boʻlimi boshligʻi eʼtiboridan chetda qolmagandi. Shu bois eshikning pastidan tutib, kuch bilan tortdi, natijada bir odam sigʻarlik tuynuk hosil boʻldi. Demak, oʻgʻrilardan biri eshikni koʻta­rib turgan, boshqasi ichkariga kirgan.

Topgani roʻzgʻorga kirib ketishidan xavfsirab, bor naqdini omborxonaga yashirgan doʻkon egasi sal narida tergov-tezkor guruhi aʼzolari harakatlarini umid bilan kuzatib turardi. Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari shubha ostiga olinganlar bilan birin-ketin suhbatlasha boshladi. Mayor Berdibek Ummatov esa 20 metr narida, yoʻl yoqasida pista sotib oʻtirgan kampirning biror shub­hali narsaga guvoh boʻlgan boʻlmagani bilan qiziqdi.

Oʻz navbatida momo doʻkonning «Tomas» laqabli qorovuli tongda mast holda kelib: «Tomas – avvalgi Tomas emas, endi u millioner, mana biznesni kengaytiring», degancha bir dasta pul tashlab ketganligini bildirdi. Ana shu maʼlumot asosida bir kechada «millioner»ga aylangan Toʻlagan ismli qorovul Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida ushlandi. Gumon qilinuvchi jinoyatni sodir qilganini tan olib, bu ishni yolgʻiz amalga oshirganligiga tergovchini ishontirishga urinardi.

Shu sababli mayor tergov tadqiqoti oʻtkazdi. Yaʼni, jinoyatchidan orqa eshikdan qanday kirganligini koʻrsa­tishini soʻradi. Bir qancha urinishlarga qaramasdan, bu ishning uddasidan chiqolmagan Toʻlagan sherigining kimligini aytishga majbur boʻldi.

Isteʼfodagi polkovnik Berdibek Ummatov tergov tizimidagi 23 yillik faoliyati davomida koʻplab jinoyatlarni fosh etgani, bilimdon tergovchi sifatida hamkasblarining hurmatini qozongandi.

1983-yilda ichki ishlar organlarida xizmatni boshlagan B. Ummatov 1990-yildan tergov tizimiga oʻtib, Zarbdor, Gʻallaorol, Baxmal, Mirzachoʻl tumanlari IIBlarida xizmat qildi.

2013-yilda pensiyaga chiqqan polkovnik Berdibek Ummatov hozirda viloyat IIB boshligʻining maslahatchisi sifatida yosh xodimlarni tarbiyalash, shaxsiy tarkibda xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash hamda faxriylar boshini biriktirishdek ezgu ishga hissa qoʻshayotir. Qolaversa, 5 farzandning sevimli otasi, 16 nafar nabiraning suyukli bobosi boʻlgan Berdibek Ummatov bogʻdorchilikka mehr qoʻygan. Hovlisidagi 70 ga yaqin mevali daraxt hamda 100 tup pavloniya uning mehnatlari samarasi.

Aytgancha, har kuni erta tongda velosipedda 10 kilometr yoʻl bosishni, badiiy asarlar oʻqish odatini ham qoʻymagan. Bu yil 63 yoshni qarshilagan lavhamiz qahramoni nafaqat oila aʼzolari, balki yosh xodimlar, shuningdek, oʻzi istiqomat qiladigan «Nurafshon» mahallasi ahliga har jihatdan ibrat, desak, adashmaymiz.

Alijon ABDUSATTOROV,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.