Turkiya Milliy politsiya akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari Fotih Inal boshchiligidagi delegasiya yurtimizga qilgan amaliy tashrifi doirasida joriy yilning 6−7 iyul kunlari Buxoro viloyatida ham boʻlishdi. Mehmonlarni viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Sh. Aliyev kutib oldi. Delegasiya aʼzolariga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ayniqsa, hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmasi, asosiy vazifalari, islohotlar va istiqboldagi rejalar haqida qisqacha soʻzlab berildi.

Soʻng mehmonlar IIV Buxoro akademik liseyida boʻlib, taʼlim maskanining faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar lisey qoshidagi “Jasorat” tarixiy muzeyiga sayohat qilishdi. Muzeyda viloyat ichki ishlar organlari shakllanishining turli bosqichlari, tizim xodimlarining xizmat kiyimlari, avto va mototransportlar, maxsus vosita hamda qurollar eksponatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif davomida mehmonlar viloyatning diqqatga sazovor qadimiy manzillari boʻylab ham sayohat qilishdi. Jumladan, “Somoniylar maqbarasi”, “Ark qoʻrgʻoni”, “Poyi kalon”, “Labi hovuz” ansambli va “Mohi-xosa” madaniy meros obʼektlari hamda “Bahouddin Naqshband” ziyoratgohida boʻlib, sharif shaharning koʻp yillik tarixi va qadimiy jozibasiga yuqori qiziqish bildirishdi, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizasiyasi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini alohida eʼtirof etishdi.

Bundan tashqari, delegasiya viloyat IIBning Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida boʻlib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi. Mehmonlar boshqarma faoliyati, shaharning qadimiy qismida joylashgan turizm obʼektlari boʻylab xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq xodimlarning ishlash tartibini, kuch vositalarning harakat yoʻnalishlarini chuqur oʻrganib, xodimlarga yaratib berilgan xizmat stharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

Qisqasi, tashrif chogʻida janob Fotih Inal turizm polisiyasi xodimlari zamonaviy jahon andazalari darajasida jihoz va texnik vositalar bilan taʼminlangani, ular yuqori professional darajada xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etdi.

Turkiya milliy polisiya Akademiyasi delegasiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Sh. JALOLOV,

podpolkovnik.

Buxoro viloyati.