Yaqinda IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi, Malaka oshirish instituti hamda Ekspert-kriminalistika bosh markazi hamkorligida Janubiy Koreya ekspert-kriminalistika faoliyatining ilgʻor tajribalarini oʻrganish va uni amaliyotga tatbiq etish maqsadida mazkur davlatning bir guruh yetuk mutaxassislari yurtimizga kelishdi.
Ular dastlab IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazida raqamli axborot-qidiruv tizimlari markazi, raqamli ekspertizalar va ballistik laboratoriyalar bilan yaqindan tanishishdi.
Soʻngra, delegatsiya aʼzolariga Toshkent shahar IIBB Ekspert-kriminalistika markazi faoliyati, vazirlik Akademiyasida malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoni hamda kursantlarga yaratilgan shart-sharoitlar koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek ular eʼtiboriga kriminalistik texnik vositalar, ilmiy-metodik qoʻllanmalar va oʻquv jarayonlariga joriy etilgan zamonaviy axborot texnologiyalari ham namoyish etildi. Eng muhimi, Akademiyaning Kriminalistik ekspertizalar kafedrasida yangi tashkil etilgan laboratoriyalar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Bundan tashqari, mashgʻulotlar davomida sud-huquq tizimida ashyoviy dalillar tadqiqoti muhim amaliyot ekanligi tasdiqlanib, soʻngi ilmiy yechimlar borasida oʻzaro fikr almashildi hamda Kriminalistik faoliyat boʻyicha kelgusida hamkorlikni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
Oʻz muxbirimiz.