Xizmat joyi – Qorovul qoʻshinlari
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida yigitlik burchini oʻtab qaytgan yoshlarning aksariyati xizmatni kontrakt asosida davom ettirishga astoydil harakat qilishadi.
– Armiyada harbiy xizmat yigit kishini tartib intizomga oʻrgatib, keyinchalik hayotda asqatadigan bilim va koʻnikmalarni beradi. Jismoniy va ruhimizni chiniqtirib, toblaydi, ota-onaga nisbatan mehr-oqibat tuygʻularini yanada kuchaytiradi, – deydi Andijon shahridagi 7553-harbiy qism seksiya komandiri, kichik serjant Sarvar Ergashov.
– Bizning jamoamizda yurtimizning turli hududlaridan kelgan yigitlar bor, – deydi harbiy qism komandiri vazifasini bajaruvchi, mayor Muzaffar Jamolov. – Ayniqsa, mayor Shukurllo Abdurazzoqov, leytenant Xurshidbek Bozorov, III darajali serjantlar – Fayzullaxon Hojixonov hamda Jahongir Mirzakarimov, II darajali serjant Oybek Yuldashev, I darajali serjant Mavlonbek Botirov kabi harbiy xizmatchilar boshqalarga oʻrnak boʻlib, oʻz xizmat majburiyatlarini aʼlo darajada uddalab kelishmoqda.
Boʻlinmada samarali xizmat qilish va madaniy dam olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qariyb, ikki ming nusxaga teng kitob fondi boʻlgan kutubxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu ziyo maskanida kitoblardan tashqari, gazeta va jurnallarning yangi sonlarini ham oʻqib borish mumkin. Sport ixlosmandlari uchun kichik suzish havzasi, voleybol maydoni va trenajorlar muntazir. Ustoz-shogird anʼanasi ham keng yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yosh askarlar tajribali harbiy xizmatchilarga biriktirilgan.
Yoʻnalishlar boʻyicha ilgʻorlarni aniqlash maqsadida oʻtkazilayotgan tanlovlar yosh askarlarning kasb mahoratini oshirishga xizmat qilmoqda.
Harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlarini ish bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yil boshidan hozirgacha
8 nafar ayol oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishli boʻlishdi. Aksariyat bolajonlar Andijon viloyati IIB tasarrufidagi «Paxtaoy» MTMga borishadi.
Boris KLEYMAN,
oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.