Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha alohida batalʼonida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Shu bilan birga, vazir oʻrinbosari qoʻshni Afgʻonistonda yuzaga kelgan vaziyat hamda mintaqadagi barqarorlikka tahdid solishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar haqida toʻxtalib, ularning oldini olish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan oʻz fikrini bildirib oʻtdi. Yurtimiz ostonasi boʻlmish xalqaro aeroportlarni qoʻriqlash va himoya qilishda jangovar tayyorgarlikka katta eʼtibor qaratish lozimligini alohida qayd etdi.

Shu maqsadda hushyorlikni oshirish, jangovar tayyorgarlikni kuchaytirish, oʻz ustida ishlash, tajriba orttirish va eng ilgʻor axborot texnologiyalarini oʻzlashtirish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligi bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni munosib kutib olish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish zarurligini ham taʼkidlab oʻtdi.

Foziljon Mamasharipov,

“Postda” muxbiri.