Joriy yilning 24-noyabr kuni Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov tomonidan Xorazm viloyati aholisi uchun ichki ishlar organlari faoliyatiga oid murojaatlar boʻyicha sayyor qabul oʻtkazildi. Xiva shahrida boʻlib oʻtgan mazkur sayyor qabulda 50 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Vazir oʻrinbosari har bir murojaatning maqsad va mazmunini puxta oʻrganib, ularni qonun doirasida hal etishga alohida eʼtibor qaratdi. Unda fuqarolar tomonidan nafaqat muammoli masalalar, balki, ichki ishlar organlari xodimlarining fidokorona xizmatlari yuzasidan minnatdorliklar ham bildirildi.

Sayyor qabul yakunida imkoniyati cheklangan fuqarolardan bir guruhiga nogironlik aravachalari topshirildi.

Shundan soʻng, general-mayor Azizbek Ikramov Xiva shahridagi “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga borib, ushbu taʼlim muassasasining kuz-qiz mavsumiga tayyorgarligi, oshxona va kutubxona faoliyatini koʻzdan kechirdi. Shuningdek, kelgusida maktab-internat hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish-rekonstruksiya ishlari bilan ham yaqindan tanishdi.

Maktab-internat pedagoglari va oʻquvchilar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha bildirilgan takliflar diqqat bilan tinglanib, ularni tegishli tartibda yuqori turuvchi organlarga yetkazish va amaliyotga tadbiq etish borasida kelishib olindi.

Vazir oʻrinbosari taʼlim dargohiga ichki ishlar organlari tomonidan homiylik yordami sifatida ajratilgan kondisionerni topshirdi.

Ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlarni yetishtirib beruvchi tayanch taʼlim muassasalari hisoblangan IIV akademik liseylari faoliyati Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining doimiy eʼtibor va nazoratiga olingan. Shu boisdan, general-mayor Azizbek Ikramov IIV Xorazm akademik liseyi faoliyatini oʻrganish uchun ushbu taʼlim muassasasiga ham bordi. Unda oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirish hamda fan olimpiadalarida faol ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, zarur tavsiya va maslahatlar berdi. Shu kuni oʻquvchilar ishtirokida oʻtkazilayotgan “Zakovat” intellektual oʻyini vazir oʻrinbosari tomonidan yuqori baholandi.

General-mayor A. Ikramov viloyat IIB HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga kelib, u yerdagi bolalar bilan yaqindan suhbatlashdi. Ularning oilaviy sharoiti va markazga olib kelinish sabablarini oʻrganib, kelajagimiz egalariga hayotda toʻgʻri yoʻldan adashmaslik boʻyicha oʻz nasihatlarini berdi.

Markaz xodimlari bilan boʻlib oʻtgan suhbat jarayonida bu yerdagi har bir bolaga barcha xodimlar mehr koʻrsatishi, ularning hayotga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda turli noxush holatlarning kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida yoʻriqnoma berildi.

General-mayor Azizbek Ikramovning Xorazm viloyatidagi sayyor qabuli davom etmoqda. Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.