Kun qahramoni
Joʻrayev Dilshod Toʻrayevich 1977-yili Buxoro viloyatining Vobkent tumanida tugʻilgan. 1999-yil Buxoro davlat universitetini tugatgan. 2003-yildan boshlab, ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini oʻtab kelyapti. Dastlab Vobkent tumani IIB voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish guruh inspektori, keyinchalik profilaktika inspektori va profilaktika katta inspektori lavozimlarida samarali xizmat qildi. Ayni paytda Shofirkon tumani IIB HPB 242-sonli tayanch punkti profilaktika katta inspektori lavozimida faoliyat koʻrsatyapti.
Mayor D. Joʻrayev zimmasiga tumandagi 4310 nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Nurafshon mahallasi osoyishtaligini taʼminlash vazifasi yuklatilgan. Bunday muhim ishni amalga oshirish bilan birga, mahallada ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarni rivojlantirishga ham munosib hissa qoʻshib kelayotir. Shuningdek, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish hamda koronavirus infektsiyasi keng tarqalishining oldini olish boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlarda ham faol ishtirok etmoqda.
Qahramonimiz joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mahalla hududida huquqbuzarliklar sodir etgan 20 nafar fuqaroga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirdi. Bir nafar noqonuniy diniy oqim aʼzosi boʻlgan shaxsga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatib, doimiy profilaktik suhbatlar oʻtkazyapti. Shuningdek, uning yashash sharoiti va iqtisodiy muhtojligi oʻrganilib, mahalla hamda homiylar koʻmagida yordam berib boryapti.
Bundan tashqari, 22 ta oilaning turli kelishmovchiliklar sababli yuzaga kelgan nizolarini bartaraf etib, muhitni sogʻlomlashtirdi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan ariza va shikoyatlarni oʻz muddatida oʻrganib chiqib, ijobiy hal qilishga erishyapti. Eng asosiysi, jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha amalga oshirayotgan profilaktik targʻibot tadbirlari natijasida mahalla fuqarolar yigʻinida umuman jinoyat sodir etilmadi.
Qisqasi, mayor Dilshod Joʻrayev xalq bilan hamnafas boʻlib kelyapti. Tuman IIBda obroʻ-eʼtiborga ega, tajribali ustoz sifatida yosh xodimlarga sohaning sir-asrorlarini oʻrgatishda faol. Uning xizmatlari tuman va viloyat IIB tomonidan munosib ragʻbatlantirilmoqda.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
