Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga Koreya milliy politsiya universiteti prezidenti janob Li Chyol Gu boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Muzokaralar kun tartibidan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari oʻrin oldi.

Taʼlim muassasalari rahbarlari oʻzaro hamkorlik munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidlashdi.

 – Oʻzbek va koreys xalqlarini tarix sinovidan oʻtgan mustahkam aloqalar bogʻlab turadi, – dedi IIV Akademiyasi boshligʻi, polkovnik Rustam Xatamov. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan koʻzlagan asosiy maqsadimiz ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashda Koreya milliy tajribasining oʻziga xos yutuqlarini oʻrganib, amaliyotga tatbiq etishdir.

Konstruktiv va ochiq ruhda oʻtgan muzokara jarayonida yaqin istiqboldagi rejalar, xususan, taʼlim muassasalari oʻrtasidagi anglashuv memorandumi hamda «yoʻl xaritasi»da belgilangan chora-tadbirlarning amaliy natijasi haqida fikr almashildi. Unga koʻra, 2021/2022-oʻquv yili davomida oʻzbekistonlik professor-oʻqituvchilar uchun Koreya milliy politsiya universitetida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, xavfsiz turizm, IT sohasi, kiberjinoyatlarni fosh etish va tergov qilish kabi yoʻnalishlarda malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Janubiy koreyalik malakali mutaxassislarning uzoq muddat IIV Akademiyasiga tajriba almashish uchun kelishi, almashuv (paritet) asosida kursantlarni oʻqitish, zamonaviy global tahdidlarning oldini olishga yoʻnaltirilgan master-klass mashgʻulotlarini tashkil etish, axborot texnologiyalari, ilmiy-texnikaviy va intellektual hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, madaniy aloqalarni kengaytirish borasida kelishib olindi.

Delegatsiya aʼzolari Akademiya taʼlim jarayonida qoʻllanilayotgan yangilanishlar, zamonaviy inshootlar bilan yaqindan tanishishdi. Xususan, oʻquv tergov-tezkor guruhlari uchun maxsus jihozlangan avtobuslarni koʻzdan kechirib, nazariya va amaliyot uygʻunligi taʼminlanishining oʻziga xos yondashuviga yuqori baho berishdi.

– Amir Temur shaxsi, uning markazlashgan davlat barpo etish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, xususan, koʻhna Samarqandni ilm-fan markaziga aylantirgani haqida koʻp maʼlumotlarga egaman, – dedi Janob Li Chyol Gu. –Bugun dunyoning ayrim mamlakatlarida Amir Temurning jang qilish sanʼati oʻqitib kelinmoqda. «Temur tuzuklari» kitobining toʻrt tilda nashr etilgan nusxasi men uchun qadrli tuhfa boʻldi.

Kunning ikkinchi yarmida koreyalik mutaxassislar tomonidan IIV Akademiyasi kursantlari va professor-oʻqituvchilari uchun master-klass mashgʻulotlari oʻtkazildi. Unda Koreya tajribasida qoʻllanilayotgan ilgʻor yondashuvlar multimediali taqdimot tarzida tushuntirib oʻtildi.

Jamshid XOLOV,

kapitan.