Tatariston Respublikasi Turizm davlat qoʻmitasi raisi viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi.

 

   Joriy yilning 17 iyun kuni Oʻzbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Tatariston Respublikasi prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiya Buxoroga tashrif buyurgan edi. Ushbu tashrif davomida, oliy martabali mehmonlar Buxoroning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qila turib, mazkur tarixiy manzillarda chet ellik va mahalliy sayyohlar xavfsizligini taʼminlash borasida Oʻzbekiston tajribasi va ayniqsa Buxoro tajribasini oʻrganish borasida kelishilgan edi.

  Shu maqsadda joriy yilning 12 avgust kuni Buxoroga yetib kelgan Tatariston Respublikasi Turizm davlat qoʻmitasi raisi Sergey Ivanov boshchiligidagi delegatsiya viloyatda ziyorat turizmi va gastronomik turizm boʻyicha hamkorlik istiqbollari, turizm aloqalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, xavfsiz turizmni taʼminlash sohasida Buxoro viloyat tajribasini oʻrganish uchun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasiga tashrif buyurdi.

Tashrif chogʻida mehmonlar Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida yaratilgan shart-sharoitlar, soha xodimlarining ish faoliyati, xizmatni olib borish tartibi, boshqarmaning moddiy-texnika taʼminoti va Buxoro shaxrining tarixiy qismida xizmat olib borish jarayonlarini birma bir koʻzdan kechirdilar. Bu jarayonda Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan mehmonlarga viloyatda xorijiy va mahalliy sayyohlar xavfsizligini taʼminlash faoliyatiga doir taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, mehmonlar Buxoro shaxrining tarixiy qismi va boshqa diqqatga sazovor joylarini koʻzdan kechirdi.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.