SAMARALI FAOLIYAT EʼTIROFI
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, mazkur hududlar ichki ishlar organlari tizimida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari tashkil etildi. Shuningdek, mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 6 martdagi “Transport va turizm obʼektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri ichki ishlar organlari tizimida ham Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻtgan besh yil davomida mazkur sohaviy xizmat xodimlari bevosita sayyohlik namoyishi obʼektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy turistlarning xavfsiz sayyohatini taʼminlashda samarali xizmat qilishdi.
Internet tarmoqlarida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari xodimlari tomonidan sayyohlarga turli yoʻnalishlarda amaliy yordam koʻrsatilayotgani haqidagi koʻplab minnatdorlik soʻzlarini tez-tez uchratayapmiz va bu sohaviy xizmat xodimlarining fidoyi mehnatiga bildirilayotgan yuksak eʼtibor va eʼtirofdir.
Turizm sohasi rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan hamkasblarimizni ushbu sana munosabati bilan samimiy qutlayman va sharafli xizmatlarida muvaffaqiyatlar tilayman!
Quvondiq QURBONBOYEV,
katta leytenant.
