«Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom» oyligi doirasida Andijon shahri boʻyicha IIOFMB shaxsiy tarkibi, ularning ota-onalari va faxriy xodimlar ishtirokida xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbir avvalida jinoyatga qarshi kurash yoʻlida fidokorona xizmat qilayotgan baʼzi xodimlarning achchiq qismati aks ettirilgan taʼsirli videorolik namoyish etildi.
Bunday salbiy vaziyatlarning oldini olish hamma birgalikda, qoʻlni qoʻlga berib harakat qilgandagina kutilgan natija berishi mumkinligi yorqin misollar bilan koʻrsatib berildi.
Uchrashuv davomida shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy tahlil qilindi, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbir soʻngida intizomda, jamoat tartibini va fuqarolar osoyishtaligini ishonchli taʼminlashda boshqa hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga Andijon viloyati IIB boshligʻi nomidan tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.
Bu kabi uchrashuvlar xodimlar orasida turli noxush holatlarning oldini olishga imkon berib, ularning yanada faol ishlashiga xizmat qiladi. Ayni paytda joylarda xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Boris KLEYMAN.
Oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
