Bayram shukuhi kezib yurgan shu damlarda Qashqadaryo viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi maʼmuriy binosi toʻliq kapital taʼmirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tantanali marosim oʻtdi. 

Tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullaev soʻzga chiqib, yangi YHXB binosi istiqlol bayramiga munosib sovgʻa boʻlgani, unda xodimlar xizmat olib borishi uchun toʻliq sharoit yaratilganini taʼkidladi. YPX inspektorlari uchun qulay, shinam barcha aloqa texnologiyalari bilan jihozlangan navbatchilik qismi, maʼmuriy binoning 1–2 qavatlaridagi xizmat xonalari, maʼnaviyat va maʼrifat xonasi hamda yigʻilish zali, sport zali, sunʼiy chim bilan qoplangan mini futbol maydonchasi shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, YPX inspektorlariga xizmatda foydalanish uchun 243 ta zamonaviy jezel tayoqchasi, 218 ta bodikamera, 218 ta planshet, 200 ta yangi tipdagi nur qaytaruvchi nimcha (jeket) va barcha shaxsiy tarkibga yangi namunadagi koʻkrak nishonlari, qolaversa, zamonaviy jihozlangan patrulʼ avtomashinalari berildi. Shuningdek, xodimlar 26 ta yangi alkotester qurilmasi bilan taʼminlandi. 

Sodiq RAHIMOV,

“Postda” muxbiri.

Qashqadaryo viloyati.