Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Zulayho Mahkamova Xorazm viloyatining eng chekka hududi – Qoʻshkoʻpir tumanidagi “Shixmashhad” mahallasida boʻlib, bu yerda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan soʻng, tuman hamda mahallalar masʼullari ishtirokida seminar tashkil etildi. Tadbirda bosh vazir oʻrinbosari “Mahalla “ettiligi” va uning muhim vazifalari” mavzusida maʼruza qildi.

Tadbirda tuman IIB JXX HPB XQMB katta inspektori, podpolkovnik Gulnoz Gʻulomovaning joriy yilning oʻtgan davrida xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, turli tazyiq va zoʻravonlik qurboniga aylanishining barvaqt oldini olish, kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.

Seminarda bugungi kunda aholining, shu jumladan, doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan va farzand tarbiyasiga befarq munosabatda boʻlayotgan ota-onalar, alkogol hamda psixotrop moddalarni isteʼmol qiluvchilar, qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarga ruju qoʻygan yoshlar, nizoli oilalar, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilib, ijtimoiy moslashtirishga muhtoj boʻlgan, nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarga tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam koʻrsatish, shuningdek, ularning ongiga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Tadbirda mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisining oʻziga biriktirilgan toifadagi shaxslarga profilaktik taʼsir koʻrsatish va ularni ijtimoiy moslashtirish faoliyati samarali tashkil etilgani va ijobiy natijalar berayotgani alohida eʼtirof etib oʻtildi.

Yigʻilishda kun tartibida koʻrilgan masalalar hamda oʻrganishlar natijalari yuzasidan tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.