Ramazon hayiti arafasida davlatimiz rahbari farmoni asosida 16 nafar samarqandlik yurtdoshimiz ham afv etilgandi.

Viloyat hokimligida jazoni ijro etish muassasalaridan shartli ozod etilgan va bugun oilasi bagʻrida yashayotgan, jamiyatda oʻz oʻrnini topishga intilayotgan 8 nafar afv etilgan fuqarolar bilan suhbat oʻtkazildi. Unda viloyat hokimining oʻrinbosari D.Mamadqulov va boshqa masʼullar toʻgʻri yoʻldan adashgan bu yurtdoshlarimizning bugungi hayoti, orzu-niyatlari bilan qiziqdi. Ularning oilaviy sharoiti, salomatligi va boshqa jihatlarga eʼtibor qaratildi. Shu asosida mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.

Jumladan, urgutlik Farruh Ergashev jazoni ijro etish muassasasida tikuvchilikni oʻrgangani, zamonaviy tikuv mashinasi olib berilsa, erkaklar koʻylak-shimi tikib, shu orqali oʻzini-oʻzi band qilishini aytdi. Unga tuman hokimligi tomonidan tikuv mashinasi olib beriladigan boʻldi.

Kattaqoʻrgʻonlik Davron Rabbimov esa tuman markazida yengil konstruksiyali tandirxona qurib berilsa, somsapazlik bilan shugʻullanishini bildirdi. Uning ijtimoiy ahvoli, bir hovlida boshqa koʻpchilik boʻlib yashashi inobatga olinib, tuman hokimligi balansida turadigan uy-joylardan birini ajratish masalasi koʻrib chiqilishi aytildi.

Suhbat davomida Kattaqoʻrgʻon tumani Chigʻatoy mahallasida yashovchi Abdumurod Sayfullaev umrining 11 yilini zulmatda, panjara ortida oʻtkazganini aytib, bu yoʻl katta xato ekanligini anglaganini afsus bilan gapirib berdi. Hozirda asalarichilik bilan shugʻullanishni boshlaganini aytib, uy-joyini taʼmirlashda yordam soʻradi.

Boshqa yurtdoshlarimizga ham belgilangan tartibda yordam koʻrsatilishi maʼlum qilindi.

Zamira BOLTAEVA, 

“Na postu” muxbiri.  

Samarqand viloyati.