Darvoqe, shunday. Yangi xonadonli boʻlish har bir insonning orzusi. Jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarining ham. Soʻnggi 4 yil davomida ichki ishlar organlari xodimlarining ishlash va yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan eʼtibor natijasi oʻlaroq, bugun xodimlarning ana shu orzulari ushalmoqda. 

Termiz shahrida viloyat IIB xodimlari uchun qurib bitkazilgan ana shunday yangi uy-joylar foydalanishga topshirildi. Shaharning Mehrobod mahallasi hududida barpo etilgan besh qavatli, ikki va uch xonali 15 ta xonadon oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Tantanali tadbirda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov, viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Abduvohid Ismoilov va soha faxriylari ishtirok etdi.

– Bugun men va oilam yangi xonadonda yashash baxtiga muyassar boʻldik, – deydi Termiz shahar IIOFMB tashkiliy boʻlinma murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, mayor Oʻktam Yoqubov. – Ayniqsa, bunday uy-joylarning uzoq muddatga imtiyozli kredit asosida berilayotgani hamda boshlangʻich badal toʻlovi uchun vazirlik tomonidan uzoq muddatli foizsiz qarzlar taqdim etilgani bizga juda katta yengillik yaratdi. 

Ichki ishlar vaziri hamda mehmonlar xonadonlarga tashrif buyurib, u yerdagi sharoitlar, qulayliklar bilan tanishdi. Yangi uyli boʻlgan xodimlar va ularning oila aʼzolariga yaxshi niyatlar, tilaklar bildirildi. 

Bunday gʻamxoʻrlik xalq xizmatidan tolmaydigan ichki ishlar organlari xodimlarining kayfiyatini koʻtarib, kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshadi.

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.