2022-yilni sarhisob qilar ekanmiz, boshqa sohalar qatori yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida xalqimiz manfaati uchun bir qator ibratli ishlar amalga oshirilganiga guvoh boʻlamiz. Prezidentimizning 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobilʼ yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda tarixda ilk bor 2022-yil 12-iyul kuni tasdiqlangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturini bunga misol tarzida keltirish mumkin.
Mazkur qaror bilan mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashning 5 ta dolzarb yoʻnalishlari belgilab berildi va ushbu yoʻnalishlar boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yoʻl infratuzilmasini kompleks takomillashtirish yoʻnalishi boʻyicha 178 ta tartibsiz va avariya oʻchoqlariga aylangan chorraha va kesishmalarda svetofor qurilmalari oʻrnatildi. 110 ta xavfli piyodalar oʻtish joylariga piyodalar svetoforlari oʻrnatilib, tartibga solindi. 39 600 ta eskirgan yoʻl belgilari almashtirildi, 23 700 ta yangi yoʻl belgilari oʻrnatildi.
Aholiga qulay va xavfsiz transport xizmatlarini koʻrsatish maqsadida Toshkent shahrining jamoat transportini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda jamoat transporti xizmatining tezkorligi va sifatini oshirish maqsadida mutasaddilar poytaxt koʻchalariga chiqib oʻrganishlar olib borishdi. Oʻrganishlar davomida jamoat transportining toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlash, aholiga qulay va sifatli transport xizmatini koʻrsatish maqsadida Toshkent shahrining ayrim koʻchalarida alohida yoʻlaklarni tashkil etish rejalashtirildi.
Alohida yoʻlak tashkil etilishi uchun yoʻl yotiq chiziqlari chizildi va 5.9 “Yoʻnalishli transport vositalari uchun moʻljallangan tasma” yoʻl belgilari oʻrnatildi. Keyingi bosqichlarda Toshkent shahrining 30 dan ortiq koʻchalariga jamoat transportining toʻsiqsiz harakatlanishi alohida yoʻlaklar tashkil etilishi rejalashtirildi.
Hozirda eng dolzarb masalalardan biri boʻlgan haydovchilik guvohnomalarini olish jarayonida yuzaga kelayotgan korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahar, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida toʻliq avtomatlashtirilgan “imtihon markazlari” tashkil etildi. Keyingi yillarda yana 21 ta shu kabi markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tashviqot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yoʻl harakati qoidalarini amaliy oʻrgatishni yoʻlga qoʻyish yoʻnalishi boʻyicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Masalan, respublika boʻyicha 1259 ta umumtaʼlim maktabida “Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish” sinfxonalari tashkil etildi. 873 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda 903 ta mahallada joylashgan umumtaʼlim maktablarida “Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish” maydonlari barpo etildi.
Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” taʼlim muassasalarida maxsus jihozlangan maydonchalar qurildi, yangi tahrirdagi yoʻl harakati qoidalari kitobi brail alifbosida chop etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari doirasida “Chet suv” mahalla fuqarolar yigʻinida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan maktab qurilib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, bolalar oʻrtasida yoʻl-transport hodisalarining barvaqt oldini olish maqsadida Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining tashabbusi bilan xorijiy davlatlar tajribalari asosida “Avtohamroh” jurnali tomonidan 1260 dona “Bolalarga yoʻl harakati qoidalari”ni oʻrgatish va targʻib qilish boʻyicha materiallar toʻplami, 1-8 sinf oʻquvchilari uchun “Yoʻl harakati qoidalari” darsliklari ishlab chiqildi.
Bolalarga yoʻl harakati qoidalari asoslarini zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalangan holda koʻrgazmali tarzda oʻrgatish maqsadida “Tomosha” bolalar musiqiy teatr-studiyasi bilan hamkorlikda “Chorraha” nomli spektaklʼ sahnalashtirilib, bolalar uchun yoʻl harakati qoidalarini targʻib qiluvchi qoʻshiqlar bastalandi. Shuningdek, maktab oʻquvchilari oʻrtasida 336 marta “Diqqat: yoʻlovchi”, “Diqqat: bolalar”, “Yashil chiroq”, “Yoʻl harakati qoidalari bilimdoni”, “Eng namunali yoʻlovchi” kabi kompleks targʻibot va tashviqot tadbirlari oʻtkazildi.
Yoʻl harakatini tashkil etishni toʻliq raqamlashtirish, ilgʻor axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilgan holda, yangi boshqaruv va nazorat tizimlarini tatbiq qilish yoʻnalishi boʻyicha respublika boʻyicha yoʻl harakatini nazorat qilish maqsadida avtomobilʼ yoʻllariga jami 2 391 ta kamera, jumladan, 1 449 tasi kuzatuv, 502 ta yoʻl harakati qoidabuzarliklarini aniqlash kameralari hamda 440 ta “Onlayn” rejimida ishlovchi radarlar oʻrnatildi.
Bundan tashqari, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va yuritish boʻyicha yagona siyosatni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, axborot xavfsizligini taʼminlash maqsadida dasturiy taʼminot markazi ishga tushirildi.
Shu oʻrinda aytish lozimki, “Chinor” va “Namangan” yoʻl-patrul xizmati maskanlarida “yashil” va “qizil” yoʻlak tizimi ishga tushirildi. Endilikda “Yashil” yoʻlakdan qoidabuzarlik sodir etmagan transport vositalari haydovchilari hech qanday toʻsiqsiz va cheklovlarsiz harakatlanadi. “Qizil” yoʻlakka yoʻnaltirilgan transport vositalari haydovchilarining hujjatlari esa elektron maʼlumotlar bazasidan foydalangan holda tekshiriladi. Shuningdek, fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida ayrim davlat xizmatlardan foydalanish joylardagi Interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Transport vositalarining oynalari tusini oʻzgartirish, qayta jihozlash uchun ruxsatnoma olish, haydovchilik guvohnomasini yangilash kabi davlat xizmatlari shular jumlasidandir.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, eng muhim vazifamiz – Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida bugungi kunda mavjud imkoniyat va tajribalardan, ilgʻor xorijiy yutuqlardan foydalangan holda, sohadagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarishdan iboratdir.
Dilnoza RAJABOVA,
IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati
Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi, podpolkovnik.
