Gʻijduvon tumanida oʻtkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida viloyat IIB boshligʻi, podpolkovnik I.Tursunov, tuman sektor rahbarlari, tegishli korxona va tashkilotlar vakillari hamda gʻijduvonlik tashabbuskor yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuvda yoshlarning 20 dan ortiq murojaatlari birma-bir koʻrib chiqildi. Jumladan, 2 nafariga nogironlik aravachasi berildi, 4 nafariga qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun unumdor yer ajratiladigan boʻldi, 6 nafariga oʻquv kurslarida taʼlim olishi uchun imtiyoz beruvchi yoʻllanmalar taqdim etildi.
Shuningdek, yuqori natijaga erishgan 3 nafar sportchi yoshga hamda tumandagi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini bepul oʻquv kurslarida oʻqitib kelayotgan oʻquv markazlari rahbarlari, ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Birinchi marta fuqarolik pasportini olayotgan 4 nafar yoshga ID-kartalari tantanali ravishda topshirildi.
S.GʻANIYEVA.
Buxoro viloyati.
