Toshkent viloyati IIBB tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni  qiynayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida joylarda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilmoqda.

Jumladan, yaqinda ham Quyichirchiq tumanida ana shunday tadbir boʻlib oʻtdi. Unda viloyat IIBB boshligʻi, general-mayor Tohir Aripov ishtirok etib, Yangiyoʻl shahar hamda Quyichirchiq, Oqqoʻrgʻon va Chinoz tumanlaridan kelgan 400 nafar yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

Tadbir davomida yoshlar tomonidan berilgan savollarga javob qaytarilib, ular oʻrtaga tashlagan 39 ta muammoning asosiy qismi shu joyning oʻzida hal etildi.

Shuningdek, Quyichirchiq tumani Madaniyat MFYda oʻtkazilgan mazkur tadbirda sportning voleybol turi boʻyicha yoshlar oʻrtasida “IIBB boshligʻining kubogi” musobaqasiga ham start berildi.

Shu bilan birga, keng koʻlamda oʻtkazilgan tadbir soʻngida, birinchi marta pasport olayotgan yoshlarga ID-kartalar va esdalik sovgʻalar topshirildi.

Oʻz muxbirimiz.