Navoiy viloyatida Yoshlar festivaliga start berildi. “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida respublikamiz boʻylab, oʻtkazilayotgan mazkur festival doirasida 40dan ortiq loyihalar amalga oshiriladi. “Biznes sayohat” loyihasida tadbirkorlikka qiziquvchi va oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan 100 dan ortiq yoshlar turli ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Yana bir loyiha – oshpazlar bellashuvi. Unda 14 ta jamoa oʻzlarining pazandalik mahoratini namoyish etishdi. Qiziqarlisi, 14 ta qozonda 14 xil palovxontoʻra damlandi. Loyiha yakunida mohir oshpazlar hakamlar tomonidan baholandi va ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Tayyorlangan taomlar esa yoshlarga tortiq etildi. 

Eng quvonarlisi, festival doirasida oʻtadigan tadbirlarda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari, ishsiz, profilaktik-probasiya hisobiga olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qamrab olish maqsad qilingan.

Mahliyo XOLOVA, 

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.