Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tashkilot va korxonalar masʼullari hamda mahallalar beshliklari ishtirokida tadbir uyushtirildi.
Yigʻilishda viloyat IIB JXX huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Ismoil Amonov, Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Akmal Savurboyev va boshqalar soʻzga chiqib, Arnasoy tumanida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va ularni keltirib chiqaruvchi sabab va omillarga toʻxtaldilar. Muhokamalar davomida ichki ishlar organlarida hisobda turgan shaxslarni ishga joylashtirish, bandlik tashkilotlari hamda mahalla beshligining bu boradagi masʼuliyatini oshirish, sport toʻgaraklari tashkil qilish va yoshlarni jalb qilish, madaniy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Shuningdek, notinch oilalar hamda ota-onalari xorijda boʻlgan yoshlar bilan ishlash, jinoyat sodir etilishi mumkin boʻlgan hudud va obʼektlarda nazoratni oshirish, tungi patrullikni tashkil qilish takliflari bayon etildi. Oʻz navbatida bir qator idora va muassasalar vakillaridan iborat ishchi guruhini shakllantirish, tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash, yoshlar muammolarini hal qilish hamda jinoyatlarning oldini olishga oid takliflar tayyorlashga kelishib olindi. Soʻng tumandagi tashkilot va korxonalar rahbarlariga biriktirilgan yoshlarning muammolarini hal etish boʻyicha qilingan ishlar tahlil etildi. Ayni mazmundagi yigʻilishni viloyatning barcha shahar va tumanlarida oʻtkazish rejalashtirilgan.
Alijon ABDUSATTOROV,
Oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
