Qarshi shahar Madaniyat va aholi dam olish uyida bir jinoyat muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda oʻqituvchi va talabalar, mahalla faollari, ota-onalar, sport murabbiylari ishtirok etdi.
Yigʻilishda qayd etilganidek, joriy yil 3-sentyabr kuni soat 21:30larda Qarshi shahrida yashovchi Sh.A. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, “Bahor” savdo markazi roʻparasida gʻuzorlik J.B. bilan janjallashib qoladi. Shunda u fuqarolarning koʻz oʻngida yonidagi pnevmatik pistoletdan bir necha marotaba oʻq uzib, J.B.ga tan jarohati yetkazadi va hodisa joyidan yashirinadi.
Yigʻilishda yoshlarning ota-onalari va jamoatchilik nazoratidan chetda qolishi oqibatida oʻzboshimchalik bilan pnevmatik qurol saqlashi, undan jinoyat quroli sifatida foydalanishiga nima majbur etayotgani tahlil qilindi. Oshkora zoʻravonlik va boshqalarni mensimaslik oqibatida yuzaga kelgan bu jinoyatda bevosita ota-ona aybdor ekani taʼkidlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi “Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, pnevmatik quroldan foydalanish tartiblari belgilab qoʻyilgan. Mabodo, pnevmatik yoki oʻqotar qurolga ruxsati bor fuqarolar undan shaxsga tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyat yoki huquqbuzarlikni sodir etsa, albatta, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida ishtirokchilarga tushunchalar berildi.
Muhokama yigʻilishida yoshlarning yurish-turishi va turmush tarzini muntazam nazorat qilish borasida ota-onalar hamda mutasaddilar masʼuliyatini oshirish borasida taklif va tavsiyalar oʻrtaga tashlandi.
Sodiq RAHIMOV,
“Postda” muxbiri.
Qashqadaryo viloyati.
