Sovuq kunlar kirib kelishi bilan aholi orasida shamollash avj oladi. Dori-darmon bilan kasallikni davolashga erishilsa-da, koʻpincha yoʻtalning ketishi qiyin boʻladi. Bunday hollarda shifokor muolajasidan tashqari, uy sharoitida tayyorlangan malhamlardan foydalanish ham yaxshi naf beradi. Quyida yoʻtalni xalq tabobati yordamida davolashda ogʻizdan-ogʻizga oʻtib keladigan foydali usullarni tavsiya etamiz.

* Yoʻtalda, albatta, yotish rejimiga rioya qilish kerak. Kun davomida

2 litrgacha S vitaminiga boy kompot, mevali qaynatmalar, moychechak giyohidan damlama ichish lozim. Yoʻtal tutishini kamaytirish uchun esa boshning orqasiga bir nechta yostiq qoʻyib yotish hamda xonada toza va nam havo almashib turishini taʼminlash lozim.

* Anjir mevasining oʻzi, qoqisi yoki murabbosi sutda qaynatib ichiladi.

* Bir choyqoshiq ukrop urugʻini 1 choynak suvga damlab ichilsa, yoʻtalni qoldiradi, balgʻam koʻchishida foyda beradi.

* Behi yoki sholgʻomning orasiga sariyogʻ yoki dumba solib, bugʻda pishirgan holatda isteʼmol qilinadi. 

* Yogʻi olinmagan sutni sariyogʻ bilan qaynatib, issiq holida ichish tomoqni yumshatadi, qirilishi va yoʻtal tutishida foyda beradi.

* Achchiq bodomni xuddi choy kabi damlab ichiladi.

* Tungi yoʻtalda oyoqqa vanna qilish yaxshi yordam beradi.

* Xalq tabobatida pishgan piyoz ham keng qoʻllaniladi. Shisha idishni maydalangan piyoz bilan toʻldirib, idishning qopqogʻini yoping va qopqoqni xamir bilan berkiting. Keyin gaz pechiga qoʻyib, past olovda xamir qizarguncha pishiring. Sovugach, kuniga 2 oshqoshiqdan 3–4 marta isteʼmol qiling.

* Oddiy osh tuzini tovada qizdiring. Yaxshi qizib turgan tuzni dokaga oʻrab, tomogʻingizga qoʻying. Tuz uzoq vaqtgacha issiqlikni ushlab turish xususiyatiga ega. Issiq holatda qoʻyilgan tuz tomoqdagi barcha infeksiyalarni oʻziga shimib oladi. Agar tomoq achishib ogʻrisa, kamfor yogʻi (yoki spirt) bilan kompress qilish yaxshi natija beradi.

* Turpni mayda toʻgʻrab, temir idishga soling. Ustiga biroz shakar sepib, past olovda 2 soatga qoʻying. Hosil boʻlgan suyuqlikni suzib olib, kuniga 3 mahal ovqatlanishdan avval bolalar 2 choyqoshiq, kattalar 2 oshqoshiq miqdorida ichishi tavsiya etiladi.

* Bronxit va boshqa shamollash kasalliklarida turpni qirgʻichdan chiqarib, xantal (gorchitsa) kabi orqa va koʻkrak qafasiga qoʻyiladi.

* 150 ml qaynoq suvga 2 oshqoshiq kungaboqar yogʻi, ozgina tuz solib aralashtirib ichiladi. Taʼbga koʻra, tuz solmasa ham boʻladi.

* Zanjabil ildizining bir boʻlagini maydalab, bir stakan qaynagan suvga bir choyqoshiq miqdorida solinadi va ozgina asal aralashtirib ichiladi.

* 3–4 dona oʻrtacha kattalikdagi mandarinlarni poʻsti artib, tozalanadi. Blenderga solib, maydalanadi. Choynakka 1 boʻlak limon, chimdim rozmarin, zanjabil va bir choyqoshiq toza asal, blenderda maydalangan mandarin, yalpiz barglari solib, qaynab turgan suv quyiladi. Choynakning ustini oʻrab, biroz damlab qoʻyib, keyin ichiladi. Bu damlama ham shamollashni bartaraf etadi, ham yoʻtalni davolaydi. Allergiya holatlari bundan mustasno.

* Bir dona piyozni artib tozalab, qirgʻichdan oʻtkaziladi yoki blenderda maydalanadi. Sirli idishga solib, ustidan 100 gr suv quyiladi va 2–3 daqiqa davomida oʻrta olovda qaynatib olinadi. Soʻngra dokadan suziladi. Dokada qolgan piyoz boʻtqasi alohida idishga solinadi va 1 oshqoshiq toza asal qoʻshib yaxshilab aralashtiriladi. Ovqatdan oldin kattalarga 2 choyqoshiq, bolalarga 1 choyqoshiq miqdorida uch mahal buyuriladi. Bu malham kuchli yoʻtalda, hatto bolalar va kattalar orasida uchraydigan koʻkyoʻtalda ham juda foydali.

Tavsiyalar borasida shifokor bilan maslahatlashing.

Adolat FAYZIYeVA tayyorladi.