Karomat Pardayeva ne-ne musibatlarni boshidan kechirdi. Oilada birin-ketin yoʻqotishlar boʻldi. Dastlab, turmush oʻrtogʻi Hamroqul aka vafot etdi. Oilaning barcha tashvishini boʻyniga olgan Karomat ona farzandlarini ham ota, ham ona oʻrnida tarbiyalab kamolga yetkazdi. Hech kimdan kam qilmadi. Ularni oliygohlarda oʻqitib, farzandlar rohatini koʻraman, deganda, kutilmagan fojia yuz berdi. Ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan oʻgʻli, Oybek Nishonov xizmat vazifasini bajarayotgan paytda mardlarcha halok boʻldi.
Endigina farzand dogʻini unutayotgan Karomat onani yana bir ogʻir sinov kutib turardi. Bu gal katta qizi Xurshida avtohalokat tufayli halok boʻldi. Qizining uch nafar fazandi ona mehridan juda erta judo boʻlishdi. Albatta, bu gʻamni koʻtarish ona uchun juda ogʻir edi.
Taqdir uni yana bir ogʻir musibatga roʻbaru qildi. Yangiyer shahar hokimligida halol mehnati, tirishqoqligi va qatʼiyati bilan hurmat hamda ehtiromga sazovor boʻlayotgan yana bir oʻgʻli Ulugʻbek Nishonov toʻsatdan vafot etdi. Kishi bir nafar farzandidan judo boʻlsa, qanday ahvolga tushadi. Ketma-ket ikki norgʻul oʻgʻlidan va guldek qizidan judo boʻlish har qanday ona uchun ulkan yoʻqotish, fojiadir. Bu gʻam toshi har qanday inson irodasini sindirib, qaddini bukishi mumkin edi... Ammo Karomat ona hayot chigʻiriqlaridan, bu ogʻir sinovlardan mardona oʻtdi. Bor mehrini nevaralariga berdi.
— Men hech qachon odamlarning mehrini bunchalik dildan his qilmagan edim. Gʻamgin inson mehrga, eʼtiborga tashna boʻlar ekan. Yangiyer shahar hokimligi, Sirdaryo viloyati IIB, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari xodimlarining barchasidan minnatdorman. Ularning mehru eʼtibori, gʻamxoʻrligi, ham moddiy, ham maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashlari tufayli men qaddimni tikladim. Umrlari ziyoda boʻlsin ilohim, — deydi Karomat ona minnatdorlik bilan.
Ha, barchasi ortda qoldi. Bugun nevaralar muchal yoshiga qadam qoʻydi. Onaxon esa 67 yoshga kirdi. Bu ayyom qoʻshaloq shodiyonaga, katta tantanaga aylandi. Yangiyer shahridagi «Rayhon» toʻyxonasida tabarruk yoshni qarshilagan Karomat ona va uning nevarasi Diyorbekning muchal toʻylari katta shodiyona sifatida nishonlandi. Qutlugʻ shodiyonaga onaxonni muborakbod etish uchun Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov, Sirdaryo viloyat IIB boshligʻi Sanjar Djabarov, Toshkent shahar Ekspert-kriminalistika bosh markazi birinchi oʻrinbosari Shuhrat Yoʻldoshov, Yangiyer shahar ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari, onaxonning qarindosh-urugʻlari, doʻstu birodarlari tashrif buyurishdi. Tabriklar tabrikka ulandi. Sovgʻa-salomlar, sanʼatkorlarning chiqishlari, onaxonga bildirilgan dil soʻzlari barchani xursand qildi. Onaxon yuzida tabassum ila davraga taʼzim qilarkan, uning chehrasida gʻoliblik nashidasi ufurib turardi. Onaxon metin irodasi, aql-zakovati, eng muhimi, insonlarning mehr quyoshi birla gʻam atalmish fojialar ustidan tantana qildi. Bu esa chin maʼnoda ulkan matonatdir!
Tohir SAMIYEV,
jurnalist.
Sirdaryo viloyati.
