YPX inspektori, safdor Zafar Muhammadov Navoiy shahar hududida joylashgan “Qarnab” kuzatuv blok postida 1-smenada xizmat olib borish uchun jalb etilgan edi. U Qarnab-Navoiy yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Neksiya-1” rusumli avtomashina haydovchisini xavfsizlik kamaridan foydalanmasdan kelayotganligi sababli toʻxtatadi. Haydovchining hujjatlarini tekshirganida, mashinaning davlat raqami belgisi oʻzgartirilganligini aniqlaydi. Inspektor tegishli tartibda hujjat rasmiylashtirib, avtoulovni jarima maydoniga olib boradi. “Paytavasiga qurt tushgan” M.A YPX inspektori, safdor Z. Muhammadovga ishni “bosdi-bosdi” qilishi, mashinasini qaytarishi evaziga 1 mln soʻm pul berishini aytadi. 

Xodim pora berish jinoiy javobgarlikka olib kelishini bir necha marotaba tushuntirsa-da, haydovchi taklifini toʻxtatmaydi. Shundan soʻng safdor Z.Muhammadov viloyat IIB boshligʻi nomiga bildirgi bilan murojaat etadi. Ertasi kuni ham fuqaro YPX inspektori bilan uchrashib, 100 AQSh dollarini unga tutqazadi. Holatni oʻrganish uchun kelgan IIV ShXBB Navoiy viloyati boʻyicha boʻlimi xodimlarini payqagan M.A pulni olib shu zahoti yutib yuboradi. 

Ammo u baribir qilmishi uchun javob berishga majbur. Chunki tibbiyot xodimlari uni endoskopik tekshiruv oʻtkazib, oshqozonidagi 100 AQSh dollarini olishga muvaffaq boʻlishdi. Haydovchiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.