Muzeylar ajdodlarimizdan bizga meros boʻlgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazina boʻlib, u yillar davomida boyib boradi.
Muzeylar faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina boʻlib qolmasdan, ular bizni oʻtmish sayohatiga chorlovchi yoʻlchi yulduz hamdir. Oʻzbekiston muzeylari esa 130 yillik tarixga ega. Mamlakat miqyosida muntazam faoliyat yuritayotgan turli yoʻnalish va soha muzeylari tashrif buyuruvchilarni mamnun qilib kelmoqda.
Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, 1917-yilgacha Toshkentdagi birinchi va yagona muzey Toshkent muzeyi boʻlgan. 1917-yildan keyin turli ixtisoslikdagi keng ekspozisiyalarga ega boʻlgan muzeylar tashkil etila boshlagan. Manbalarda qayd etilishicha, 1918-yil knyaz N.Romanov saroyida uning musodara qilingan kolleksiyasi asosida Badiiy muzey (hozirgi Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi), 1921-yil Eski shahar muzeyi, 1926-yil Oʻzbek eski shahar muzeyi tashkil qilingan.
Dunyodagi mashhur muzeylarga nazar tashlaydigan boʻlsak, 2021 yilda butun dunyo boʻyicha eng mashhur muzeylar reytingida Parijdagi (Fransiya) Luvr muzeyi 9,6 million tashrif buyuruvchi bilan 1-oʻrinni egalladi. Ushbu reytingning ikkinchi oʻrnida 7,3 million tashrif buyuruvchi bilan Xitoydagi Milliy Muzey (Beijing shahri), uchinchi oʻrinda esa 6,8 million tashrif buyuruvchi bilan Vatikan muzeyi (Vatikan shahri) turadi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, 1977-yildan buyon dunyoda anʼanaviy tarzda 18-may “Xalqaro muzeylar kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Sherzod Abdusamadov tayyorladi.
