Bu borada oʻtgan haftada davlatimiz rahbari huzurida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga oʻrtacha 250 milliard soʻmdan, mahallalarga esa 5,5 milliard soʻmdan mablagʻ berilgani alohida taʼkidlandi.
Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha yaratilgan tizim oʻz natijasini berayotgani, soʻnggi uch yilda kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmagani, bunga videokameralar oʻrnatilib, xavfsiz koʻcha va yoʻlaklar tashkil qilingani, aholi muammolari ilmiy asosda hal etilgani, oilalarga psixologik yordam koʻrsatilgani natijasida erishilgani alohida qayd etildi.
Prezidentimizning yaqinda Toshkent shahar Sergeli tumanidagi «Oʻzgarish» mahallasiga tashrifi esa, har bir mahallani xavfsiz makonga, osoyishta hududga aylantirish yuzasidan bergan topshiriqlari bu yoʻnalishda amalga oshiriladigan ishlar uchun oʻziga xos yangi dasturulamal boʻldi. Tashrifda xavfsiz va obod mahalla qanday boʻlishi, uni qay tarzda shakllantirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 24-iyundagi «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni mahallani xalq bilan davlat oʻrtasidagi haqiqiy «koʻprik»ka aylantirish, xavfsiz mahallani shakllantirish uchun muhim huquqiy asos boʻldi.
«Xavfsiz mahalla» deganda, aholining tinch va osoyishta hayoti taʼminlangan, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimli yoʻlga qoʻyilgan, davlat tashkilotlari va jamoatchilik hamkorligi samarali tashkil etilgan hudud tushuniladi.
Farmonda «yettilik» aʼzolarining vazifalari aniq va loʻnda belgilanib, har bir masʼulning oʻz yoʻnalishi boʻyicha ishlashiga katta imkoniyat yaratdi. Endilikda rais faqat «yettilik» aʼzolari ishini muvofiqlashtiruvchi emas, balki ularni yagona maqsad atrofida birlashtiruvchi strategik rahbar sifatida faoliyat olib boradi. U mahalladagi mavjud imkoniyatlar, aholi ehtiyojlari, hududning oʻziga xos xususiyatlari va muammolarini chuqur oʻrganib, ular asosida ustuvor strategik vazifalar belgilaydi.
Farmonga muvofiq, hokim yordamchilari mahalla iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha bosh menejer sifatida faoliyat yuritadi. Mahallaning iqtisodiy imkoniyatlarini ishga solish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish ularning asosiy vazifasi hisoblanadi. Ular faoliyati aholi daromadlarining oʻsishi bilan baholanadi.
Videoselektor yigʻilishida profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi qisqargani natijasida ayrim mahallalarda jinoyatlar 10 tadan 5 taga kamaygani, mazkur tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida toʻliq, qolgan hududlarda esa kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan 448 ta mahallada yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilangani alohida qayd etildi.
Endilikda ular faqat huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin chora koʻradigan xodim emas, balki mahallada jinoyatchilikning oldini oladigan, kriminogen vaziyatni tahlil qiladigan, xavf omillarini barvaqt aniqlaydigan hamda davlat organlari va jamoatchilik tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtiradigan asosiy masʼullardan biri hisoblanadi.
Profilaktika inspektori mahalladagi ijtimoiy holat, oilalardagi muammolar, yoshlar oʻrtasidagi salbiy holatlar, maishiy nizolar, ishsizlik, qarzdorlik va taʼlimdan chetda qolish kabi koʻplab omillarni doimiy tahlil qilib boradi va ana shu tahlillar asosida profilaktik tadbirlar rejalashtiradi.
Jinoyatchilikni jilovlashga masʼul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida «qizil» va «sariq» toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika boʻyicha joyiga borib oʻqitiladi.
Endilikda xotin-qizlar faoli – oila barqarorligi va xotin-qizlar manfaatlarining asosiy himoyachisi sifatida oilaviy nizolar, ajralish xavfi, ishsizlik, aliment, erta nikoh, migratsiya, tarbiyasi ogʻir qizlar, tazyiq va zoʻravonlik kabi muammolarni birinchi boʻlib aniqlaydigan va uni barvaqt hal qilishga koʻmaklashadigan masʼul hisoblanadi.
«Yoshlar yetakchisi – har bir yosh taqdiri uchun masʼul lider» sifatida yoshlarning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirishga, jamiyat uchun foydali va umummilliy manfaatlarga xizmat qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradi. Ularning shaxsiy rivojlanishi, iqtidori va isteʼdodini roʻyobga chiqarishga qaratilgan tadbirlar tashkil etadi.
Bundan buyon mahalla soliq inspektori faqat soliq ishi yoʻnalishi bilan cheklanib qolmaydi. Mahallaning iqtisodiy salohiyatini baholaydi, mavjud rezervlarni aniqlaydi. Iqtisodiy holatni chuqur oʻrganib, tahlil qiladi.
Jumladan, mahalla hududida joylashgan korxonalarda ishlayotgan xodimlarning barchasi soliq hisobotlarida mavjudligini oʻrganadi va qonuniy faoliyat yuritishini nazorat qiladi.
Ijtimoiy himoya xodimlari ogʻir ahvolga tushib qolgan va ogʻir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar va oilalarga bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar koʻrsatadi.
Farmonning yana bir muhim jihatlaridan biri – endilikda yettilikning har bir aʼzosi faqat oʻz yoʻnalishi bilan cheklanmaydi, balki mahalladagi umumiy natija uchun birgalikda masʼul boʻlishadi.
Faoliyatni baholashda ham asosiy eʼtibor jarayonga emas, natijaga qaratiladi. Yaʼni mahallada ishsizlik kamaydimi, yangi ish oʻrinlari yaratildimi, kambagʻallik qisqardimi, huquqbuzarliklarning oldi olindimi, aholi murojaatlari oʻz vaqtida hal etildimi – ana shu koʻrsatkichlar asosiy mezonga aylanadi.
Shuhrat ROʻZIYEV,
oʻz muxbirimiz.
