Yer yuzida insoniyat tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan, tarixi ming yilliklarga borib taqaladigan shaharlar koʻp boʻlishi mumkin. Ammo ular orasida inson butun hayoti davomida bir marta boʻlsa ham borib koʻrishi shart boʻlgan shaharlar barmoq bilan sanarli.

Shunday shaharlar borki, yetti iqlimni zabt etgan jahongirlar uning poytaxt boʻlishini orzu qilishgan. Dovrugʻi dunyoga taralgan koʻplab shohlar, olimu allomalar bu azim shahar sogʻinchida firoq chekkan. Afsonaviy shahar haqida gap ketar ekan, shu muqaddas zaminni mangu makon tutgan koʻplab ulugʻ ajdodlarimizning hayot yoʻlini tasavvuringizda jonlantirishga urinasiz. 

Yana shunday shaharlar ham borki, taʼriflashga bu olamning bor bisoti kamlik qilgani bois, Firdavsmonand deya koʻklarga koʻtaradi. Shoirlari “Ikki dunyoda ham bitta Samarqand*” deya bu muazzam shahar shaʼnini ulugʻlaydi. 

Toki yer yuzida hayot hayot davom etar ekan Amir Temur ordenli Boqiy shahar haqidagi iliq gaplar ham davom etaveradi. Zero, Samarqand bunga loyiqdir. 

Zamin sayqali – Samarqand shahri kuni barcha oʻzbekistonliklarga muborak boʻlsin.

Xosiyat Bobomurodova satri.


***

Jamolingga toʻyib boqish-chun,

Shoshiladi quyosh har sahar.

Yoʻqdir senga munosib taʼrif,

Asrlarni qaritgan shahar.


Otam kabi soddadil, magʻrur,

Onam kabi mehribon, munis.

Qadrdondir menga tuprogʻing,

Har giyohing jon qadar aziz.


Ot surmadi kimlar sen tomon,

Nom-nishonsiz ketdi-ku bari.

Ey, qadimiy, navqiron zamin,

Sharqning noyob duru gavhari.


Toleingga baxt bitilmishki,

Tamaddunning boʻlding onasi.

Tushlarimga kiradi goho,

Ulugʻbekning rasadxonasi.


Tilsimlarga toʻla Tirik shoh,

Ruhi kezar asrlar osha.

Har kungidan boshqacha bugun,

Bogʻi Behisht, Bogʻi Dilkusho.


Sevinchingni koʻrib sevindim,

Bir kulgingga mingta jonim tan.

Har bir kuning bayram, toʻy boʻlsin,

Senga shodlik yarashar Vatan.

Sherzod Abdusamadov.