Vatan haqida kimdan soʻramang, ona kabi yakkayu yagona va jondan aziz ekanligini aytadi. Kindik qoni toʻkilgan zaminga boʻlgan ayricha muhabbati haqida joʻshib hikoya qilishdan aslo erinmaydi... Garchi bu soʻzlar va tashbehlar bot-bot takrorlansa-da, eshitguvchiga zarracha ozor bermaydi. Aksincha, hayotga muhabbat, onaga, ona Vatanga, ona zaminga hurmat-ehtiromini oshiradi.

Eʼtibor berib qarasangiz, hamma xalqlar zaminni «Ona Yer» deb ataydi. Hatto qadimgi rimliklar ham sayyoramizni aynan shu maʼnoda Tellus Mater deb aytgan ekan. Bu esa, shubhasiz, insoniyat va ona zamin bir-biri bilan uzviy bogʻliq, odamzot va Yer ajralmasligining ifodasi deyish mumkin. Hatto muqaddas dinimizda ham odam tuproqdan yaralgani taʼkidlanadi va u oxir-oqibatda yana tuproqqa qaytadi...

Xalqaro «Ona Yer kuni» oldin dunyoning koʻplab davlatlarida bahorgi tengkunlik kuni (21 mart) nishonlanar edi. 1970 yildan eʼtiboran esa ushbu sana 22 aprelda nishonlanadigan boʻldi. Oʻshanda AQSh parlamenti senatori Geylord Nelson boshchiligida garvardlik bir necha faol talaba yoshlar ishtirokida dastlabki «Er kuni» aksiyasi oʻtkazilgan edi. 1971 yildan eʼtiboran esa ushbu senator tashabbusi bilan AQShda mazkur sana bayram sifatida har yili nishonlanadigan boʻldi va u mamlakat aholisi orasida tez ommalashdi. Keyinchalik bu sana boshqa mamlakatlarda ham norasmiy boʻlsa-da, bayram sifatida eʼtirof etila boshlandi.

Inson qaerda tugʻilmasin, kindik qoni toʻkilgan yerga ehtiromi ziyoda boʻladi. Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov aytganidek kim qaerda tugʻilsa, uning uchun shu yer muqaddasdir: 

Xalqim, tarix hukmi seni agarda,

Mangu muzliklarga eltgan boʻlsaydi,

Qorliklarni makon etgan boʻlsayding,

Mehrim bermasmidim oʻsha muzlarga?

Sherzod ABDUSAMADOV tayyorladi.