Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobining betakror ijodiy merosi abadiyatga daxldordir. Uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʻusini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos oʻrni va ahamiyati inobatga olinib, 2020 yil 2 dekabrda Oʻzbekiston Qahramoni va Xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida Prezident qarori qabul qilindi.
Oʻquvchi boʻlib esini tanigan borki, shoirning ona Vatan, yurt haqidagi bir-biridan joʻshqin sheʼrlarini yod olgan, ularni zavqu shavq bilan, ayricha hayajon bilan baralla aytgan. Abdulla Oripov sheʼrlarini oʻqir ekansiz, yurt sarhadlari, sahrolari, bogʻlariyu adirlari, unda yashovchi sodda, samimiy, kamsuqum odamlari koʻz oldingizda gavdalanadi. Shoir oʻz falsafasi bilan qalbingizga mehnatkash xalqqa, aziz Vatanga boʻlgan cheksiz mehrni joylab qoʻyganini sezmay qolasiz.
Isteʼdod tasodifiy jarayon emas. Isteʼdod tinimsiz mehnat, izlanish, intilish, uqmoq va oʻqimoqdir. Qashqadaryoning koʻz ilgʻamas kengliklarida tavallud topgan shoirning qoʻliga lolaqizgʻaldoqlarga toʻla adirlar goʻzalligi qalam tutqazgani rost. Esini tanib, qoʻliga kitob olib, fikri tiniqlasha boshlagach, bildiki, Vatan juda ulkan sarhad, biroq uning holi zabun ekan. Shundan shoir «Oʻzbekiston» sheʼrida shunday alamnok satrlarni bitadi:
Kech kuz edi,
men seni koʻrdim,
Derazamdan boqardi
birov.
U sen eding,
o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangtoʻsh,
yayov.
Bildiki, oʻqisa, yurtiga nafi tegar ekan. Intilsa, Vatan saodatiga hissa qoʻshar ekan. Shu sabab Abdulla Oripov Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom singari buyuk soʻz ustalarini ustoz deb bildi. Talabalik yillarida yozgan «Tilla baliqcha», «Men nechun sevaman, Oʻzbekistonni» kabi sheʼrlari uni ijod ahliga tanitdi. Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulomlarning eʼtiboriga tushdi.
1963 yilda hozirgi Milliy universitetning filologiya fakulteti jurnalistika boʻlimini tugatgan shoir «Yosh gvardiya», Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotlarida muharrir, «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, boʻlim mudiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, masʼul kotib boʻlib ishlaydi. Soʻngra ancha yillar Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida faoliyat yuritdi. Abdulla Oripov qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin, ijod qilishdan, Vatani va xalqini, yurtining goʻzalligini madh etishdan tolmadi. «Jannatga yoʻl», «Sohibqiron», «Ranjkom», «Tabib va oʻlim» singari badiiy salmoqdor dostonlar yaratdi.
Ayniqsa, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, yangicha shiddat va baxtiyorlik bilan kuylay boshladi. Shoirning «Izhor» sheʼrida shunday satrlarni oʻqiymiz:
Yurtim, faqat sening
qoʻlingdan tutib,
Bolangday ergashib
keta olsam, bas.
Sen piri komilsan,
men senga muhib,
Seni tanimagan
meni ham bilmas.
Bu vaqtga kelib, Abdulla Oripovni nafaqat oʻz yurtida, balki xorijda ham taniy boshlashgan, Qaysin Quliyev, Rasul Hamzatov kabi oʻz davrining eng yetuk ijodkorlari eʼtirofiga ham sazovor boʻlgan edi. Italiyalik shoir Dante Aligeri qalamiga mansub «Ilohiy komediya»ning «Doʻzax» qismini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan shoir 2015 yilda Italiya Prezidenti Serjo Matarellaning taklifiga binoan, «Italiya yulduzi» ordeni bilan taqdirlanadi.
Abdulla Oripov sermahsul ijodkor edi. U sheʼriyatning deyarli barcha turlarida muvaffaqiyat bilan ijod qilish barobarida, tarjima bilan ham shugʻullandi. Bugungi kunda A. Pushkin,
N. Nekrasov, T. Shevchenko, L. Ukrainka, Q. Quliyev, M. Bayjiyev,
R. Hamzatovlarning sheʼrlarini oʻzbek tilida oʻqishimizda ulugʻ shoirimizning hissasi katta. Oʻz navbatida qardosh xalqlar ijodkorlari ham uning sheʼrlarini rus, ingliz, bolgar, turk, ukrain, turkman, ozarbayjon kabi koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilishdi. 2007 yil Abdulla Oripov jahon madaniyatining xazinasiga ijodiy hissa qoʻshganligi uchun yuqori darajadagi «WIPO Creativity Award» oltin medaliga sazovor boʻldi.
«Oʻzbekiston», «Yurtim shamoli», «Yuzma-yuz», «Yillar armoni» kabi kitoblarida yurtimizning mustaqillikkacha boʻlgan davrini kuylagan shoir yurtdoshlarining muammolarga toʻla hayotini, qiyin ahvolini, zamona zulmini, istiqlol haqidagi orzularini sheʼrga soladi. Bu sheʼrlarda nafaqat dard, balki orzu-istaklar qatiga joylangan yetuk falsafa ham jamuljam edi.
Shoirning «Haj daftari» kitobidagi sheʼrlar orifona yoʻlda yozilgan boʻlsa, «Shoir yuragi», «Ezgulik» kabi kitoblarida lirik sheʼriyat ufqlari kengayganiga guvoh boʻlasiz. 1990 yillarda yozilgan sheʼrlaridagi olgʻa surilgan maʼnaviy muammolar mustaqillik davrida dolzarb ahamiyat kasb etdi. Bu sheʼrlar va dostonlar shoirning oʻz davridan ancha ilgarilab ketganini koʻrsatdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid taʼkidlaganidek, «ustoz Abdulla Oripov ijodini ona yurt, Vatan tushunchalaridan ayro holda tasavvur qilish aslo mumkin emas. Taʼbir joiz boʻlsa, mehr-muhabbat va hikmatga toʻla bu ijodni sheʼriyatdagi Vatan, Vatandagi sheʼriyat deb taʼriflamoq oʻrinlidir».
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni muallifi, XX asrning ikkinchi yarmi oʻzbek adabiyotining eng yorqin namunalarini yaratgan, har satridan ona Vatan iforlari ufurib turgan, har soʻzi haqiqat bilan yoʻgʻrilgan, xalqona sheʼrlari va falsafiy fikrlari bilan chin maʼnoda millat shoiriga aylangan Abdulla Oripov har qancha eʼzozga loyiq buyuk zotdir.
Guli Nigor AVAZOVA,
«Postda» muxbiri.
