Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan ajdodlarimizning yurtni istiqlol sari boshlash, xalqni maʼrifatli qilish yoʻlidagi fidoyiliklarini, ilmiy, adabiy merosini keng targʻib etish, qatagʻon qurbonlarining matonati va jasoratlarini yosh avlod shuuriga sindirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qolaversa, ijodkorlarimiz ham ayni paytda xuddi shu tarixni oʻrganib, uni badiiy yoʻsinda talqin qilishmoqda. 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va dramaturg, isteʼfodagi polkovnik Zikrilla Neʼmat ham hozirjavoblik bilan XX asr oʻzbek madaniyatining mashhur vakillaridan biri, taniqli siyosat va jamoat arbobi, mashhur adib, birinchi oʻzbek professori Abdurauf Fitratning ziddiyatlarga boy hayoti haqida “Abdurauf Fitrat yoxud zulmatda ziyo izlab” nomli pʼesani yozdi. Buxoro viloyat musiqali drama teatrining iqtidorli yosh rejissyori Laziz Navroʻzov shu asar asosida “Abdrauf Fitrat” spektaklini sahnalashtirdi. 

Yaqinda spektaklning premʼerasi boʻlib oʻtdi. Unda asosiy rollarni teatrning talantli aktyorlari Baxtiyor Pirmatov, Suhrob Qurbonov, Murodjon Hasanov, shuningdek, el-yurt nazariga tushgan Roʻzigul Qandova, Rahim Ergashev, Saodat Gʻulomova kabi sanʼatkorlar ijro etishgan. 

– Asar premʼerasining 21 oktyabrʼ – Ona tilimiz bayrami arafasida boʻlib oʻtishida ham, nazarimizda, majoziy maʼno bor. Qomusiy bilim egasi Abdurauf Fitrat oʻzbek tilini asrab-ardoqlash, uning imkoniyatlarini koʻrsatib berish borasida ham fidoyilik koʻrsatgan. Olimning oʻzbek tili grammatikasiga oid darsliklari 1925–1930-yillar oraligʻida besh bor nashr etilgan. Aynan tilshunoslik va adabiyotshunoslik borasidagi chuqur ilmiy tadqiqotlari uchun u oʻzbek olimlari orasida birinchilardan boʻlib professor unvoniga sazovor boʻlgan. Spektaklga kelsak, u tomoshabinlar, xususan, ziyolilar hamda yoshlar tomonidan iliq qarshi olindi. Teatr jamoasi repertuari yana bir ajoyib sahna asari bilan boyidi, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, filologiya fanlari nomzodi Dilshod Rajab. 

Qisqasi, premʼerada viloyat ichki ishlar organlari xodimlari va bir guruh faxriylari ham ishtirok etishdi. Spektaklʼ barcha tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.