Yurtimizda islom olamida mashhur allomalar mangu qoʻnim topgan muborak maskanlar talaygina. Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Qovchin qishlogʻida joylashgan Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi ham ana shunday muqaddas qadamjolardan sanaladi.

XI asrda yashagan Abu Muin Nasafiy bobomiz diniy ilmning buyuk namoyandalaridan biri. Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya taʼlimotining dunyoda keng miqyosda tarqalishida muhim rolʼ oʻynagan. Islom dini sofligini saqlash, aqidaparastlikka qarshi kurashishga qaratilgan koʻplab ilmiy asarlar yozgan. Qarshi tumani Qovchin qishlogʻida dafn etilgan.

Mazkur ziyoratgohda Qurʼoni karimning asl qoʻlyozma nusxasi saqlanmoqda. Bu kitob qadimgi Samarqand qogʻoziga bitilgan, xattotlik elementlari bilan bezatilgan.

Ustoz Abu Muin Nasafiyning oldilariga koʻp­lab talabalar kelar edi. U kishi Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhdan keyingi moturidiya taʼlimoti orqali dinga xizmat qilgan eng katta ulamolardan hisoblanadi. Abu Muin Nasafiy hazratlarining «Tavsiratil adilla» nomli kitobi Imom Moturidiyning «Kitobi Tavhid» asaridan keyingi ikkinchi moʻʼtabar kitob hisoblanadi.

Taʼkidlash lozimki, Davlatimiz rahbari 2017-yil 24–25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Abu Muin Nasafiy maqbarasini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, buyuk olim asarlarini xalqimizga yetkazish boʻyicha tavsiyalar bergan edilar. Shunga muvofiq, majmuada keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Qisqa muddatda ziyoratgoh koʻrkam goʻshaga aylandi.


Sodiq RAHIMOV

tayyorladi.