Mamlakatimiz Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi «Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida shu yilning mart oyida Navoiy shahrida turkiy xalqlar adiblari ishtirokida «Mumtoz sheʼriyat» xalqaro festivalini oʻtkazish vazifasi qoʻyilgan edi. 2023-yil 6-mart kuni Anqara shahrida joylashgan Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY) qarorgohida boʻlib oʻtgan turkiy tilli davlatlar adabiy tashkilotlari rahbarlari yigʻilishida esa TURKSOY Yozarlar birligi taʼsis etilib, uning ilk yigʻilishini «Mumtoz sheʼriyat» xalqaro festivali doirasida tashkil etish taklifi barcha ishtirokchilar tomonidan maʼqullandi.
«Mumtoz sheʼriyat» xalqaro festivali bejizga yurtimiz zaminida oʻtkazilgani yoʻq. Zero, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon kabi shaharlarda qadimdan adabiyot, sanʼat rivojlangan, gullab-yashnagan. Festivalning aynan ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiy nomi bilan atalgan shaharda oʻtkazilganida ham chuqur ramziy maʼno mujassam. Chunki milliy adabiyotimizni yuksak choʻqqiga olib chiqqan Navoiy hazratlari ijodini nafaqat turkiy xalqlar, balki jahon afkor ommasi katta qiziqish bilan oʻrganadi.
Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq boʻlib oʻtgan anjumanda turli mamlakatlardan kelgan turkiy xalqlar shoirlari va tarjimonlari diydorlashishdi, ijodiy muloqot qilishdi. Tadbir oʻzaro qon-qardosh boʻlgan xalqlarning adabiy tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish imkonini berdi. Festivalga tashrif buyurgan adiblar Alisher Navoiy haykali poyiga ehtirom ramzi sifatida gul qoʻyishdi. Tadbir ishtirokchilari bobokalonimiz nomi bilan ataladigan bogʻga koʻchatlar oʻtqazishdi.
Festival doirasida «Turkiy adabiyot durdonalari» 100 jildligi hamda «Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi» kitobining 30 jildligi, Alisher Navoiyning qozoq tilida chop etilgan «Xamsa» asari taqdimotlari ham boʻlib oʻtdi.
Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi, atoqli adib va jamoat arbobi Anar Rasul oʻgʻli Rzayevning nomini hamda asarlarini yurtimizda koʻpchilik adabiyot ixlosmandlari yaxshi bilishadi. Dunyo miqyosida taniqli adib oʻzining serqirra ijodiy faoliyati bilan turkiy xalqlar, jumladan, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelyapti.
Uning bu boradagi xizmatlari, qolaversa, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, koʻplab ijodkorlarni tarbiyalash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik, tinchlik va hamjihatlik ruhida kamol toptirish ishiga qoʻshgan munosib hissasi yuksak darajada eʼtirof etilib, adib tavalludining 85 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlandi.
– Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan yuksak mukofot bilan taqdirlanganimdan juda baxtiyorman va minnatdorman. Xalqlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik uzoq tarixga ega va bugungi kunda ham uzviy davom etmoqda. Buyuk alloma nomi bilan ataladigan Navoiy shahrida tashkil etilgan xalqaro festival turkiy xalqlar ijodkorlarini bir davrada jam qilgani bilan juda ham ahamiyatli boʻldi. Bu anʼana yana davom etadi, – dedi TURKSOY Yozarlar birligi faxriy raisi, Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi Anar Rzayev.
Festival bahonasida mehmonlar Navoiy shahrida oʻsha kunlarda kechayotgan madaniy tadbirlar bilan ham yaqindan tanishishdi. Jumladan, shaharning Maʼrifat bogʻida boʻlib oʻtgan sumalak saylida ishtirok etishdi. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan folklor-etnografik jamoalarining chiqishlari ham ularda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, «Farhod» madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan «Vatan manzumasi» adabiy-maʼrifiy dasturini tomosha qilishdi.
– Agar turli millatlarning adabiyoti, sanʼati va madaniyatlari birlashsa, shu yoʻlda xizmat qilayotgan fidoyi ziyolilar bir maqsad yoʻlidan borishsa, el-u yurtlar birlashadi, – dedi «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Adabiyot deganda biz ezgu soʻzni, ajdodlarimiz qoldirgan boy soʻz merosini tushunamiz. Bugungi anjuman qardosh xalqlar ijodkorlarini ezgu yoʻlda uchrashtirdi. Birinchi qadam qoʻyildi va yuz jildli kitoblar nashr etildi. Kelgusida Oʻzbekiston
Yozuvchilar uyushmasida turkiy xalqlarning ellik tomdan iborat folklor asarlarini nashr etishni rejalashtiryapmiz. Bizda «Alpomish», «Goʻroʻgʻli», qozoqlarda «Manas», boshqa millatlarda ham shu kabi folklor asarlar bor. Mana shu asarlar turli tillarga tarjima qilinsa, ularni oʻrgansak, maʼnaviy dunyomiz yanada kengayadi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, TURKSOY Yozarlar birligining ilk yigʻilishi ham «Mumtoz sheʼriyat» festivali doirasida oʻtkazildi. Unda TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev va faxriy raisi Anar Rzayev, TURKSOY Yozarlar birligi hamda Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulugʻbek Yesdavlat, Yevroosiyo, Turkiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tatariston va Boshqirdiston Yozuvchilar uyushmalari vakillari ishtirok etishdi. Mazkur nufuzli xalqaro tuzilmaning asosiy vazifasi turkiy xalqlar oʻrtasida adabiy aloqalarni har tomonlama rivojlantirishdan iborat.
Ha, millatning ruhi uning tilida, adabiyotida aks etadi, yashaydi. Shu maʼnoda qardosh xalqlar oʻrtasida adabiy aloqalar kuchayar ekan, ular oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari ham mustahkamlanib boraveradi deb komil ishonch bilan aytishimiz mumkin. Oʻylaymizki, Navoiy shahrida joriy yil mart oyining oxirida boʻlib oʻtgan «Mumtoz sheʼriyat» xalqaro festivali ham, uning doirasida oʻtkazilgan TURKSOY Yozarlar birligining ilk yigʻilishi ham hech shubhasiz, turkiy xalqlar oʻrtasida qardoshlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga, adabiy doʻstligimiz esa abadiy doʻstligimizga xizmat qilajak.
Bobomurod TOSHEV tayyorladi.
