Bugun Oʻzbek milliy akademik drama teatrida IIV Markaziy apparati xodimlari uchun buyuk bobokalonimiz Amir Temur va uning davlat boshqaruvi haqida hikoya qiluvchi Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim qalamiga mansub “Adolat fasli” nomli spektakl namoyish etildi. Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Baxtiyor Toʻraev hamda Asqar Xolmoʻminov tomonidan sahnalashtirgan ushbu spektaklda bosh rolni Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev ijro etdi.
Sohibqiron saltanatining gʻarbiy hududlari boʻyicha noibi, shahzoda Mironshoh mirzoni oʻziga tegishli hududda tartibsizliklarni avj oldirganligi, adolatsizlikka yoʻl qoʻygani uchun oʻlimga hukm etib, soʻngra amaldorlari va yaqinlarining maslahatiga koʻra qatlni bekor qiladi. Sahna asarida ana shu tarixiy voqea aks etgan.
Otasining koʻzidan ancha yiroqda boʻlgan oʻgʻil xalq tashvishi haqida oʻylamay, ov va maishatga berilib ketadi. Rafiqasi Xonzodabegimning uni bu yoʻldan qaytarish uchun qilgan harakatlari zoe ketadi. Saroy xazinasidagi boyliklarning tagi koʻrinib qolganini sezgan malika esa hech kimga bildirmasdan Samarqandga kelib, qaynotasi Amir Temurni barcha kirdikorlardan xabardor qiladi. Shundan soʻng Sohibqiron amaldorlari bilan Sultoniya shahriga borib, mazkur koʻngilsizliklarni bartaraf etadi.
Amir Temur hayotining birgina shu kichik lavhasi orqali har qanday yurt adolat bilan barqaror ekanligi, xalqning tinchligi va osoyishtaligi, mamlakatning rivojlanish ham ayni shu omil bilan uzviy bogʻliq ekani koʻrsatib oʻtildi. Tarixiy manbalarda bu holatdan toʻgʻri xulosa chiqargan Mironshoh Mirzo keyinchalik oʻzining sadoqati va jangu jadallardagi jasorati bilan otasining hurmatiga erishgani qayd etiladi.
Spektakl davomida oʻz rollarini mahorat bilan ijro etgan aktyorlar tomoshabinlarning gulduros olqishlariga sazovor boʻldi. Teatr tomoshasi yakunida IIV rahbariyati maʼnaviyat maskani ijodiy jamoasiga oʻzining chuqur minnatdorligini bildirdi.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
