IIV Xorazm akademik liseyida isteʼdodli shoir, taniqli davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539-yilligi munosabati bilan “Adolatli shoh va buyuk shoir” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda mazkur taʼlim muassasasi oʻquvchilari tomonidan shoirning hayoti va ijodi hamda “Boburnoma” asari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, kelajagimiz egalari “Koʻhinur” va “Boburning tugʻilishi” nomli sahna koʻrinishlarini ijro etib, ulugʻ zotning qalamiga mansub gʻazal va ruboiylardan yod olishdi. Shu bilan birga, Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlab, oʻquvchilar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini ham oʻtkazildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan taʼlim muassasasi direktori, polkovnik R. Masharipov Boburning boy adabiy merosini oʻrganish va targʻib etishni keng yoʻlga qoʻyish, oʻquvchi-yoshlar qalbiga uning asarlarining mazmun-mohiyati, badiiy xususiyatlari hamda tarbiyaviy ahamiyatini chuqur singdirish lozimligini taʼkidladi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda viloyat IIB masʼul xodimlari ham ishtirok etib, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi haqida oʻzlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shunday qilib, mazmunli va qiziqarli tarzda oʻtgan ushbu kecha yakunida unda faol ishtirok etgan oʻquvchilarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Behzod QURYoZOV,
IIV Xorazm akademik liseyi direktori
oʻrinbosari, podpolkovnik.
