«Boʻji boʻldi,
boʻji keldi»
Tarixdan maʼlumki, XIII asrning birinchi choragida Chingizxon boshliq moʻgʻullar yurtimizga bostirib kiradi. Istilochilarning dahshat bilan kelishi, qon toʻkishi, xalqni talashi, ezishi, qul qilib ishlatishi oʻsha davrda ularga qarshi zaharxanda bilan kuluvchi maqollarning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Misol uchun, «Boʻji boʻldi, boʻji keldi, Chingiz bilan Joʻji keldi» naqlida xalq: «Boshimizga tushgan falokatni, azob-uqubatni shular olib keldi», demoqchi boʻlgan. Tilimizda mavjud boʻlgan va bolalarni uxlatayotganda jim yotishga undab yoxud ularni yigʻidan tindirish uchun qoʻrqitib aytiladigan «Ana, boʻji keldi» iborasi yuqoridagi maqolning qisqartirib talaffuz etilishi natijasida shakllangan. Boshqa bir manbada «olaboʻji» qoʻrqinchli maxluq ekanligi ham aytiladi.
Shu sabab ham necha-necha asrlardan buyon momolarimiz bolalarni chaqaloqligidanoq «Olaboʻji kelyapti, tez uxla», degan yolgʻonlari bilan qoʻrqitishgan.
Koʻrinmas devor
Yurtimizni gʻorat qilgan chor Rossiyasi ham razilona siyosat yuritishda maxsus xizmatlar va milisiya kuchidan keng foydalangan. Xususan, qatagʻon yillari, Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbek yigitlarini majburan urushga olib ketilishi, keyinchalik sobiq ittifoq davridagi Gdlyan va Ivanov tuhmatlari ortidagi «qama-qamalar» milisiyaning yomonotliq boʻlishiga sabab boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Shuning uchun ham xalq orasida «Ana, olaboʻji kelyapti» iborasi bilan birga, «Melisa kelyapti, uxlamasang olib ketadi» iborasi ishlatila boshlandi. Bu esa shu millat ichidan ichki ishlar organlari safiga olingan osoyishtalik posbonlari va xalq oʻrtasida «devor» yuzaga kelishiga sabab boʻlgan.
Mustaqilligimizning ilk davrida bu «devor»ni olib tashlash uchun dastlabki qadamlar qoʻyildi. Ichki ishlar organlarining moddiy-texnik ahvolini yaxshilash, malakali milliy kadrlar tayyorlash tizimini joriy etishga qaratilgan dastlabki oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1991 yil 25 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida Oʻzbekiston SSR IIV – Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga aylantirildi. Qaror bilan vazirlik nizomi va strukturasi tasdiqlandi. Keyinchalik ushbu sana mamlakatimizda – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni sifatida belgilandi. Qarorga hamohang tarzda Ichki ishlar organlari xodimlarini xalqqa yanada yaqin qilish va ularning fuqarolar bilan xushmuomala boʻlishlarini taʼminlash uchun Ichki ishlar vazirining 1994 yildagi buyrugʻi asosida «Kasb odobnomasi» 2011 yilda esa «Kasb madaniyati» tasdiqlandi.
Shu asnoda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning: «Har bir ichki ishlar organlari xodimi ham oddiy inson, lekin har qaysi oddiy odam ham ichki ishlar organlari xodimi boʻla olmaydi» degan soʻzlarini eslash oʻrinlidir. Mazkur taʼrifning oʻziyoq ichki ishlar organlari xodimlarining xizmati naqadar mashaqqatli va ogʻir ekanligining eʼtirof etilishi, ularning xalq tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida qilayotgan zahmatlariga berilgan bahodir, aslida.
Islohotlar davri
2016 yilda katta islohotlarga tamal toshi qoʻyildi. «Kasb madaniyati» yanada takomillashtirilib, «Ichki ishlar organlari xodimlarining Odob-axloq qoidalari» sifatida qayta qabul qilindi. Shu yilning 16 sentyabrida esa mustaqil Oʻzbekistonning 25 yillik tarixida ilk bor «Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilinib, unda ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, faoliyatining yoʻnalish va tamoyillari belgilab berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan ezgu gʻoyalari asosida yangicha tizim shakllandi. Barcha sohalarda boʻlgani kabi, ichki ishlar organlari tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha ham bir nechta qonun, Prezidentning farmon, qaror va farmoyishlari hamda hukumat va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etildi.
Sohada eskicha ish uslubidan voz kechilib, davlatimiz rahbari tomonidan qoʻyilayotgan talablar asosida ish olib borilmoqda. Yangicha ish uslubiga moslashadigan yangilikka intiluvchi, tashabbuskor, vatanparvar, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan toʻldirishga eʼtibor qaratildi.
Xalq ichida
xalq bilan birga
Islohotlar davomida respublika miqyosida tuman-shaharlar hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar tashkil qilindi. Ularga hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini tashkil etish va hal qilish, shu jumladan, aholining eng muhim muammolarini yechish yuzasidan javobgarlik yuklatildi.
Chunonchi, asosiy eʼtibor quyi boʻgʻinni kuchaytirish maqsadida mahallalarda kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirishga taʼsir koʻrsata oladigan ixcham va mobil tizim shakllantirildi. Natijada aholi oʻzi yashab turgan hududdan uncha uzoq boʻlmagan joyda tashkil qilingan IIBning oʻzida muammosi hal etiladigan boʻldi. Bundan tashqari, Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil qilinib, fuqarolarga xizmat koʻrsatish yangi bosqichga olib chiqildi.
Profilaktika inspektorining maqomi yanada oshirilib, mahalla fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajarish profilaktika inspektoriga yuklatildi. Ularga xizmat hududidan uy, imtiyozli kredit asosida avtomashinalar berildi. Maqsad, ular kechayu kunduz oʻz xizmat hududida boʻlishi va aholining muammolarini joyida hal etishdan iborat.
Oilada er-xotin janjallashib qolsa, oʻgʻirlik sodir boʻlsa yoki boshqa jinoyat yuz berganida, qoʻyingki qanday muammo boʻlsa, fuqaro kimga najot istab boradi. Albatta, mahallaga, profilaktika inspektoriga. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, profilaktika inspektori, ichki ishlar organlarining mahalladagi vakili emas, mahallaning ichki ishlar organlaridagi haqiqiy vakili sifatida shakllanmoqda. Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Xususan, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishda «fuqarobay», «oilabay» va «mahallabay» ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasini taʼminlash amaliyoti joriy etildi. Profilaktika inspektorining mahallada hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikdagi faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani koʻplab huquqbuzarliklarga barham berish hamda xotin-qizlarni zoʻravonlik va turli tazyiqlardan himoya qilish uchun sharoit yaratmoqda.
Tasavvur qiling, koʻchada svetofor ishlamay qoldi. Chorrahalarda katta tirbandliklar yuzaga keldi. Kunning issigʻiyu sovugʻida soatlab transport vositalari harakatini tartibga soluvchi kim? Bu yilgi anomal sovuq kunlarida ham koʻchalarda transport vositalari yaxmalak sabab YTHga uchraganida, nosoz holga kelganida yoki shinalari pand berganida ularga birinchilardan yordam qoʻlini choʻzgan kim edi?! YPX, PPX va boshqa sohaviy xizmat vakillari emasmi?! Qattiq sovuq tufayli mahallalarda tez-tez gaz, chiroq va suv oʻchib qolganida, mutasaddi tashkilotlar bilan birga yurib, muammolarni hal qilishda kechayu kunduz yurgan profilaktika inspektorlarining zahmatidan koʻz yumib boʻladimi?! Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.
Prezident qarori – tub oʻzgarishlar omili
Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvardagi «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tizimda boshlangan islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Har bir xodim mazkur kodeksda belgilangan qoida va talablarni bilishi, ularga qatʼiy va soʻzsiz amal qilishi majburiy etib belgilandi. Kodeks qoida va talablariga amal qilmaslik yoki ularni qoʻpol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan boʻshatishgacha boʻlgan intizomiy jazo chorasini qoʻllash uchun acoc boʻladi. Kodeksda belgilangan qoida va talablar ichki ishlar organlarida sodir etilishi mumkin boʻlgan nojoʻya xatti-harakatlar, suiisteʼmolchilik va korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish, huquq-tartibot tizimi obroʻyiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslikka yoʻnaltirildi.
Yuqorida aytib oʻtilgan barcha islohotlar ichki ishlar organlari xodimlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish hamda uning dardu tashvishi bilan yashashi uchun qilinmoqda.
Bugun Yangi Oʻzbekistonda yangi ichki ishlar organlari shakllanib, soha har tomonlama yetuk, bilimli va professional kadrlar bilan toʻldirilmoqda. Toʻgʻri, guruch kurmaksiz boʻlmagandek ular orasida fuqarolarga qoʻpol muamolada boʻlayotganlari, nafs qutqusiga uchayotganlari ham uchrab turibdi. Hozirda tizimni bunday xodimlardan tozalash ishlari jadal olib borilmoqda.
Shunday ekan, aziz ota-onalar, farzandlaringizni «Ana, melisa kel¬yapti» deya qoʻrqitmang. Nafsilamrini aytganda, ichki ishlar organlari xodimlari ham sizu bizdek oddiy inson. Uning ham ota-onasi, farzandlari, oilasi bor, sizu bizdek ezgu niyatlari bor, katta umidlar bilan farzandlarining baxtu kamolini koʻrishni orzu qiladi. Shuning uchun sizu bizning himoyachimiz, xavfsizligimizga qalqon boʻlguvchi ichki ishlar organlari xodimlariga yelkadosh va koʻmakdosh boʻlaylikki, buni koʻrgan kelajagimiz vorislari ularni haq-huquqimiz posbonlari deya chin dildan hurmat qilsin.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
