Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining nizomida «Urush toʻgʻrisidagi gʻoyalar inson ongida paydo boʻladi, shuning uchun aynan inson ongida tinchlik toʻgʻrisidagi gʻoyalarni shakllantirish lozim», deyilgan.
Darhaqiqat, tarixga nazar tashlansa «urush va tinchlik» gʻoyasi bir soniya boʻlsa-da, unut boʻlmagan. Insoniyat paydo boʻlganidan buyon 14 mingdan ziyod sodir etilgan katta va kichik urushlarda 3 mlrd. 64 mln. kishining yostigʻi qurigani, odamlar faqat 292 kungina urushlarsiz yashagani tarixiy haqiqat. I Jahon urushida – 13 mln., II jahon urushida – 60 mln., «sovuq urush» davrida esa – 100 mln.ga yaqin inson halok boʻlgan.
Ushbu urushlarda yarador, majruh boʻlganlarning soni halok boʻlganlardan 2–3 barobar koʻp. Urush – ofat, urush – taraqqiyot dushmani, urush – dushman qidirish demakdir. Urush oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi, buzgʻunchi gʻoyalar va mafkuralar mahsulidir.
Bugun shuni afsus bilan aytish joizki, insoniyat rivojlanishi bilan urushlar soni ortib («Rim klubi»ning maʼlumotiga koʻra, jahonda yigʻilib qolgan qurol-yarogʻlar zaxirasi yer yuzini 20 marta yoʻq qilishga yetadi), urush, zoʻrlik, fahsh, axloqsizlikni targʻib qiluvchi mafkura va gʻoyalar ommaviy axborot vositalarini mafkuraviy poligonga aylantirgan. Axborot maqomidagi separatizm, radikalizm, terrorizm, neofashizm, ekstremizm, egotsentrizm, ksenofobiya, natsizm, imperializm, gomoseksualizm ana shunday buzgʻunchi mafkuralardir.
Bu kabi buzgʻunchi mafkuralar ommaviy axborot vositalari orqali zoʻrlik, jangarilik, fashizm, axloqsizlik, rangli inqiloblarni ochiq va yashirincha targʻib qilmoqda.
Butun dunyo aholisining 4 mlrd.ga yaqini ijtimoiy tarmoqlar aʼzosi. Mutaxassislarning fikricha, internet orqali tarqaladigan kompyuter oʻyinlarining 49 foizi zoʻravonlik va yovuzlik, 41 foizi jangari xarakterga ega. Dunyo boʻyicha yiliga 10 mingdan ziyod film suratga olinsa, shundan 1000 tasi Bollivudga tegishlidir. Bu filmlarning aksariyatida zoʻrlik, fahshga ustuvorlik berilgan. Eng dahshatlisi, bunday filmlarga ehtiyoj katta. Aqlga, mantiqqa emas, ehtirosga, foydaga qarab ish tutilmoqda. Buning uchun yolgʻonlar, uydirmalar oʻylab topilyapti. Sunʼiy voqealar, obrazlar, subyektiv xohishlar obyektivlikdan ustun qoʻyilmoqda. Natijada OAV mafkuraviy qurolga, odamlar hissiy xohishlarining qurboniga aylanyapti.
Ommaviy axborot vositalaridagi bir jinsli oilalar, egoizm, rangli inqiloblar targʻiboti natijasida:
– 11 ta davlat «bir jinsli oila»ni tan olib, nikohdan oʻtkazmoqda;
– har qirq soniyada bitta odam oʻzini oʻldiryapti, 20 ta odam shunga harakat qilmoqda;
– rangli inqiloblar targʻiboti «arab bahori», «lolaqizgʻaldoq», «sariq inqilob» kabi inqiloblarni paydo qildi. Buning natijasida ayrim davlatlar yoʻq boʻlish arafasiga kelib qoldi;
– yoshlar orasida xudbinlik kuchaymoqda. Masalan, Xitoyda 400 mln. yoshlar xudbinlikka chalingani qayd etilgan;
– Yevropada erkin muhabbat, yalangʻoch oila targʻiboti tufayli «oila ekologiyasi», «demografik fojia» sodir boʻldi. Oʻlim tugʻilishdan ilgarilab ketdi.
Muammoning yechimini izlash nuqtai nazaridan yondashganda, yaxshi gʻoya, yaxshi soʻz, yaxshi amal targʻiboti kerak. Bu degani, korrupsiya, terrorizm kabi salbiy harakatlardan koʻra halollikni, mehnatsevarlik, odob-axloqni koʻproq targʻib qilish kerak. Chunki yaxshilikni bilgan odam yomonlikka qoʻl urmaydi.
Axborot makonidagi geomafkuraviy siyosiy kurashlar bir qutbli va koʻp qutbli dunyo tarafdorlari oʻrtasida sodir boʻlayotganini kuzatish mumkin. Masalan, tarixda imperiyaparast kuchlar butun dunyo ustidan hukmronlik qilishga harakat qilib, oʻzlarining imperiyalarini yaratishgan. Ammo qadimgi Ossuriya – Bobil (Vavilon), Eron – Midiya, Yunon – Makedoniya, Rim imperiyalari, eramizdagi Arab, Moʻgʻul, Sovet imperiyalari dunyo ustidan toʻliq hukmronlikni oʻrnata olmadi. Barcha imperiyalar magʻlubiyatga uchradi. Yaʼni, ichki nizolar, hokimiyatparastlik, kleptokratiya, nepotizm kabi buzgʻunchi gʻoyalar imperiyalarni ichidan yemirib tashladi.
Bugun bir qutbli dunyoga intilish «dunyo davlati», «dunyo fuqarosi», «dunyo dini», «dunyo tili» mafkuralarini targʻib etish orqali amalga oshirilmoqda. Ammo dunyo koʻp qutbli, unda 250 dan ziyod (193 tasi BMT aʼzosi) davlatlar, 7 mingga yaqin millat va elatlar, 3 mingga yaqin dinlar mavjud. Bunday sharoitda davlatlar ustidan hukmron davlatni, yagona din, yagona millat, yagona valyuta, yagona til mafkuralarini ochiq va yashirin targʻib etish dunyo uchun halokatlidir (yaʼni, urushni targʻib etish bilan barobardir).
Global dunyoda har xillikdagi uygʻunlikka erishish, murosa yoʻlini tutish (marxayenizm mafkurasi), muammolarni kompramiss, konsensus orqali hal etishga qaratilgan gʻoya va mafkuralarni targʻib etish zarur. Tinchlik masalasida plyuralizmga emas, (chunki tinchlikka muqobil yoʻq) «Avesto» va tasavvuf taʼlimotlarida aytilganidek, «ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal» gʻoyasiga, jadidchi bobolarimizning «fikrda – birlik, soʻzda – birlik, amalda – birlik» mafkuraviy shioriga ustuvorlik berish hayotiy zaruriyatdir.
Yangi Oʻzbekiston koʻpmillatli, koʻpkonfessional davlat sifatida koʻpqutbli dunyoni yoqlab, pragmatizm mafkurasiga asoslangan tinchlikparvar ichki va tashqi siyosatni amalga oshirmoqda. Shu bois, ichki siyosatda xalq ishonchiga, tashqi siyosatda xalqaro eʼtirofga muyassar boʻlmoqda.
Bugun Vatanni sevgan har bir fuqaro tinchlik uchun kurashmogʻi kerak. Yunon faylasufi Geraklitning «Kurash – hamma narsaning otasi, hamma ustidan hukmron. Har qanday vaziyatda ham tinchlik uchun kurashish, boshboshdoqlikni olovdan-da oldin oʻchirish zarur», degan fikrini yodda tutish lozim. U. Cherchilning «Kelajak imperiyasi – intellekt imperiyasidir» degan bashoratini yodda saqlab, buzgʻunchi mafkuralarga yaratuvchi, bunyodkor mafkuralarni qarshi qoʻyib yashash zarur. Chunki gʻoyaga qarshi faqat gʻoya bilan, yolgʻon axborotga qarshi chin axborot bilangina kurashish mumkin. Bu borada kurashmaslik yoki sukut saqlash zoʻrlik oʻtkazish, buzgʻunchilikni targʻib qilish kabidir.
Xulosa qilib aytganda, axborot maydonidan hech kim tashqarida emas. Agar inson axborotni boshqarmasa, axborot insonni boshqaradi. Bugun OAV – ijtimoiy fikrni yashirin boshqarish salohiyatiga ega qudratli kuchdir. Bu fikrni Napoleonning «Men yuzta tigʻdan koʻra, uchta gazetadan koʻproq qoʻrqaman» degan bashorati ham tasdiqlaydi.
Shavkat MAMADALIYEV,
IIV Akademiyasi professori,
falsafa fanlari doktori,
polkovnik.
