Oʻlkamizga bahor fasli kirib keldi. Albatta, koʻklam goʻzallik va yosharish fasli hisoblanadi. Aynan bahorning boshida Xalqaro xotin-qizlar bayramining nishonlanishida ham qandaydir uygʻunlik va maʼjoziy maʼno bor. 

Moʻtabar onalarimiz, dilbar opa-singillarimizning mehri, fidokorligi oldida esa dunyo bosh egadi. Xotin-qizlar tufayli oilada tinchlik-totuvlik, farovonlik, jamiyatimizda esa barqarorlik, taraqqiyot boʻladi. Shu boisdan mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, onalik va bolalikni himoya qilish borasida koʻpgina ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu ishlarni qonun yoʻli bilan mustahkamlash maqsadida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”, “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” va boshqa qator qonun hujjatlari qabul qilingan.

Bugungi kunga kelib xotin-qizlar davlat va jamiyat qurilishi hamda boshqaruvidagi masʼuliyatli lavozimlarda faoliyat koʻrsatishmoqda. Jumladan, ular ichki ishlar organlarida erkaklar bilan bir safda turib, mashaqqatli vazifalarini sharaf bilan bajarib kelayotganligini aytib oʻtish oʻrinli boʻladi. Soʻzimning yakunida yurtimizdagi barcha nozik xilqat vakilalarini bayram bilan tabriklab, qadringiz va qaddingiz baland boʻlsin degim keladi. Zero, ayol baxtli boʻlsa, oilada tinchlik-totuvlik taʼminlanib, jamiyatimiz yanada mustahkamlanib boraveradi.

Sayyora QULIMBETOVA 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX HPB katta inspektori, mayor.