Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Oʻzbek ayollari oʻzining matonati, sabr-toqati, metin irodasi-yu mislsiz jasorati bilan hamisha mavqeyini sarbaland ushlagan. Mamlakatimiz xotin-qizlari tarixning turli davrlarida, suronli yillarida, har xil qiyinchilik va jang-u jadallarda ham matonat va jasorat namunasini koʻrsatgan. Bunga moziy ham guvoh. Masalan, olis tarix sahifalaridan joy olgan massagetlar malikasi Toʻmaris miloddan avvalgi 529-yilda Ahamoniylar podshohi Kir II ni jang maydonida yengishning uddasidan chiqqan edi.

Qadimgi yunon tarixchisi Gerodotning «Tarix» asarida yozilishicha, Ahamoniylar davlati asoschisi Kir II Turonga bostirib kirganida, massagetlar Amudaryo (Araks) boʻylari va Qizilqumda yashashgan. Toʻmaris massagetlar podshosining xotini boʻlib, u eri­ning vafotidan soʻng davlatni boshqargan. Erondan kelgan bosqinchilar qoʻshini va massagetlar oʻrtasida shiddatli janglar boʻlgan. Forslar hiy­la yoʻli bilan Toʻmarisning oʻgʻli Spargalis (Siparangiz)ni asir olishganda, or-nomusga chiday olmagan Spargalis oʻzini oʻldirgan. Toʻmaris oʻgʻli­ning halokatidan esankirab qolmay, ikki oʻrtada ayovsiz jang boʻlgan. Fors qoʻshinlari­ning asosiy qismi, jumladan, Kir II ham jang maydonida halok boʻlgan. Toʻmarisning jasorati va harbiy-siyosiy faoliyati toʻgʻrisida xalq dostonlari yaratildi, jangnoma va rivo­yatlar toʻqildi.

Yana bir misol, Qoʻqon xoni Umar­xonning turmush oʻrtogʻi, oʻzbek mumtoz ada­biyotining yorqin vakilasi, «Komila» va «Maknuna» taxalluslari bilan ijod qilgan Nodira (Mohlaroyim)dir. 1822-yilda Umarxon vafot etgach, uning oʻgʻli 14 yoshli Muhammad Alixon (Maʼdali­xon) taxtga koʻtariladi. Lekin davlatni asosan Nodiraning oʻzi idora qiladi. U madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga intildi. Qoʻqonda yirik adabiy muhit vujudga keldi. Bozor-u rastalar, masjid-u madrasa­lar, karvonsaroylar qurilishiga eʼtibor berildi. Goʻristoni kalondagi Madrasayi Chalpak, Taqagarlik rastasidagi Mohlaroyim madrasasini bino ettirgan.

Anglaganingizdek, oʻzbek ayollari hatto davlatni idora qilishdek masʼuliyatli vazifalarda ham jonbozlik koʻrsata olgan. Bu nozik xilqat vakilalarining har qanday ishga masʼuliyati ikki karra kuchli­ligini, qayerda boʻlmasin, oʻz vazifasini ortigʻi bilan bajara olishiga yaqqol dalildir.

Ayni damda jamiyatda xotin-qizlarning oʻrni beqi­yos. Fidoyiligi, qobiliyati bilan barchani hayratga solayotgan ayollar safi esa muttasil ra­vishda kengayib bormoqda. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni va taʼsirini oshirish soʻnggi yillarda barcha davlat dasturlarining ustuvor yoʻnalishlari sifatida kiritib borilmoqda. Mustaqillik yillarida xotin-qizlarga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Oila kodeksida turmushda, oilaviy munosabatlarda ayollarning erkaklar bilan teng huquqli ekani, oila davlat tomonidan muhofaza etilishi oʻz aksini topgan.

Shu vaqtga qadar ayollar huquqi himoyalangan koʻplab qonun hujjatlari qabul qilindi. Ayniqsa, xotin-qizlarimizni ish bilan taʼminlash, tabdirkorlik qilishlariga erkinlik berish, ragʻbatlantirish borasida sezilarli ishlarni kuzatish mumkin. Bugungi kunda xotin-qizlar minglab yillar davomida umuman koʻrmagan va guvohi boʻlmagan, orzu-intilishlarining mazmun-mohiyatiga aylangan siyosiy huquqlarga hech qanday toʻsiqlarsiz erishmoqdalar. Ularga nisbatan qarashlarning tubdan oʻzgargani va endi nafaqat oilaviy hayot, balki davlat va jamiyat hayotida ayollar hamda erkaklarning maqomi ham tenglashgani diqqatga sazovordir.

Prezidentimizning ayollarni, onalarni hayotdan rozi qilish ustuvor jihat ekanligini taʼkidlagani ham bejiz emas: «Biz erkin va farovon, demokratik, dunyoga ochiq mamlakatni barpo etishda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qoʻshayotganini albatta yuksak qadrlaymiz. Oʻzbekistonda qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening koʻz oʻngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dard-u tashvishlari turadi. Oila tayanchi, jamiyat ustuni boʻlgan ona­larimiz, ayollarimiz hayotdan rozi boʻlsa, butun xalqimiz hayotdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi boʻladi!»

Ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va maʼnaviy barkamolligi ham ayollarga boʻlgan munosabat bilan belgi­langan. Ayolni eʼzozlash, unga ehtirom koʻrsatish Sharq xalqlariga, jumladan, oʻzbek xalqiga xos xususiyatdir. Muborak hadisi sharifda kel­tirilgan «Jannat onalar oyogʻi ostidadur», «Avval onangizga, yana onangizga va yana onangizga, soʻngra otangizga yaxshilik qiling», degan benazir soʻzlarda ham ana shu adoqsiz ehtirom namoyon boʻlib turibdi. Millat ayollarni nechogʻlik ulugʻlasa, uning oʻzi ham shunchalik ulugʻlanadi.

Zamonaviy ayol deganda, birinchi navbatda, oliy maʼlumotga ega, dunyoqarashi keng, iqtisodiy jihatdan mustaqil, maʼnaviyati yuksak, faol rahbar yoki xodim, barkamol avlodni tarbiyalaydigan mehribon ona, hurmat-ehtiromga sazovor ayol, saranjom-sarishta bekani koʻz oldimizga keltiramiz. Bunday ayol­ning munosib ijtimoiy-siyosiy maqomini taʼminlash mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning tub maqsadidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva BMT va boshqa nufuzli tashkilot­larning minbarlarida taʼlim, sogʻliqni saqlash masalalari hamda boshqa koʻplab

glo­bal muammolar haqida bong urayotganligi, Oʻzbekis­ton Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning na­munali faoliyati, yoshlar, bola huquqlari boʻyicha ayol rahbarlarning yetakchilik qobiliyati eʼtirof etilayotganligi yangi Oʻzbe­kis­tonda ayollarga eʼtibor yuksak darajaga chiqayotganligidan dalolat beradi.

Yurtimizda gender tengli­gini taʼminlashga qaratilgan ishlar samarasi, oʻz navbatida xotin-qizlarga bildirilayotgan ishonch, desak, adashmagan boʻlamiz. Bir soʻz bilan aytganda, xotin-qizlar hamisha davlat eʼtiborida, eʼzoz-u ardogʻida. Chunki ayol oʻzini baxtli his qilsa, jamiyat baxtli boʻladi, oilada maʼnaviy muhit barqarorligi taʼminlanadi!

Abror POYONOV,

oʻz muxbirimiz.