Kuni kecha IIV Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar markazida maʼmuriy huquqbuzarliklarni hisobga olish boʻlimi katta inspektori, kichik serjant Farrux Shokirovning pensiya chiqqanligi munosabati bilan kuzatuv tadbiri boʻlib oʻtdi.

Kichik serjant F. Shokirov sohadagi faoliyatini Toshkent viloyati IIB Axborot markazida boshlagan. Bir necha yil mazkur yoʻnalishda xizmat qilgan xodimni 2018-yil IIV Moliya va moddiy-texnika taʼminoti bosh boshqarmasi boʻlinmalari markaziy baza navbatchiligiga oʻtkazishadi. 2019-yilda IIV Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi maʼmuriy huquqbuzarliklarni hisobga olish va shakllantirish boʻlimi katta inspektori, 2021-yildan to pensiyaga kuzatilguniga qadar egallab turgan lavozimida faoliyat yuritdi. 

– Ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib, oʻzining mehnatsevarligi, tirishqoqligi bilan koʻpchilikka namuna boʻlgan, yuklatilgan vazifalarni ado etishga vijdonan yondashadigan xodimlardan biri bugun nafaqaga kuzatilmoqda, – deydi tadbirda soʻz olgan markaz boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Abduhamid Hakimov. – F. Shokirov rahbariyat tomonidan beriladigan har bir topshiriqni oʻz vaqtida va sifatli bajaradigan, hamkasblariga ham qoʻlidan kelganicha beminnat yordam beradigan bagʻrikeng inson. Shuning uchun faoliyati davomida hamkasblari orasida ham obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan.

Shuningdek, tadbir davomida qahramonimizning hamkasblari va shogirdlari ham oʻzlarining samimiy dil izhorlarini bildirib oʻtishdi.

– Pensiyaga chiqdi, degani, markazdan uzoqlashib ketdi, degani emas, – deydi F. Shokirov. – Kelgusida ham yosh xodimlar hamda hamkasblarimga bilim va tajribalarimni oʻrgatib, soha rivoji uchun imkon qadar oʻz hissamni qoʻshaman. Bugungi koʻrsatilgan yuksak ehtiromdan boshim koʻklarga yetdi. Barchangizga mana shunday baxt nasib etishini chin dildan tilayman. 

Sarvar SOBIROV,

«Postda» muxbiri.