Maʼmurjon tunov kuni oʻgʻliga qoʻl fonari olib bergan edi. Bugun esa oʻzi uchun sotib oldi. Kechki payt ishdan kaytgach, xuddi yosh boladay dam u xonaning, dam bu xonaning chirogʻini oʻchirib, fonari bilan yoritib koʻrardi. Izidan ergashib yurgan oʻgʻli oxiri hayron boʻlib soʻradi:

– Dada, nima qilyapsiz?

– Maza qilyapman, oʻgʻlim, maza qilyapman!

Shunday deb Maʼmurjon balkonga chiqdi. Derazadan boshini chiqarib, fonarining nurini pastdagi dov-daraxtlarga, mashinalarga qaratdi. Mashinasining yonida kuymalashayotgan qoʻshnisining koʻzi fonarning nuridan qamashdi, shekilli, kesatdi:

– Ha, Maʼmurjon, zerikyapsizmi?

– Yoʻgʻ-e, shunchaki, bolalikning xumori tutdi.

– Unday boʻlsa, oʻgʻlingiz bilan bekinmachoq oʻynang, maza qilasiz, – qoʻshnisi shunday deb oʻzining gapiga oʻzi zavqlanib qahqaha otib kuldi.

– Dadasi, qoʻshnilarga mayna boʻlib nima qilyapsiz?! Undan koʻra ovqat pishgunicha televizor koʻring, skanvord yeching, – deya oshxonada ovqatga unnayotgan ayoli uni koyigan boʻldi.

Maʼmurjon ichkariga kirib, yana chirogʻi oʻchib xonalarni galma-gal fonari bilan yoritishga tushdi. Shu asnoda goʻyoki ichi ham yorishib ketardi. Axir, uning bolalik orzusi ushalgan edi...

Xuddi kechagiday yodida. Otasi ularni tashlab ketgach, roʻzgʻorda yetishmovchiliklar, hayotda qiyinchiliklar boshlandi. Shoʻrlik onasiga rosa qiyin edi. Uning topgani yeb-ichishdan ortmasdi. Buni hali 7-8 yoshli bola boʻlsa-da, Maʼmurjon ham murgʻak qalbi bilan yaxshi his etardi. Shuning uchun tengdoshlariga oʻxshab «Uni olib bering, buni olib bering!» deb xarxasha qilmasdi.

Tengqurlarining turli-tuman oʻyinchoqlari boʻlardi. Keyinroq ular velosiped olishdi. Maʼmurjon oʻyinchoqlari, velosipedi, zoʻr kiyimlari yoʻqligidan oʻksinmasdi. Lekin boshqa oʻrtoqlariga oʻxshab qoʻl fonari boʻlishini juda-juda xohlardi. Faqat buni mushtipar onasiga aytolmasdi...

Oila qurib, farzandli boʻlgach, bolalarining hamma xarxashalarini ortigʻi bilan bajardi. Ular bir dunyo oʻyinchoqlarini xonasiga yoyib tashlashar, keyin yigʻishtirmagani uchun onasidan gap eshitishardi. Tunov kuni oʻgʻliga soʻramasa ham qoʻl fonari olib berdi. Bugun esa oʻziga fonar oldi. Zoʻridan. Zaryadkaga qoʻyadiganidan.

Kechasi uyining qorongʻi xonalarining yoritib yurdi. Vaqt allamahal boʻlganda yana balkonga chiqdi. Endi pastda hech kim koʻrinmasdi. U xumoridan chiqqanicha mashinalarni, garajlarni, mahalla choyxonasini, dov-daraxtlarni yoritdi. Fonarining nuri daraxtlarning huv uchigacha yetib borardi. Maʼmurjon shu oqshom juda-juda baxtli edi...

Bobomurod TOShEV.