Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Fargʻona viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy organlar rahbarlari, xususan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi va uning oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, faxriylar Fargʻona shahridagi Vatanparvarlik bogʻida jam boʻldilar. Orkestr sadolar ostida Motamsaro ona xaykali poyiga gullar qoʻyilib, hurmat bajo keltirildi.
Gul qoʻyish marosimidan soʻng Fargʻona shahridagi “Fayz” tantanalar majmuasida bayram tadbiri davom etdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.
Tantanalar davomida yurt tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotgan bir guruh harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faxriy yorliqlar, esdalik sovgʻalari hamda turli darajadagi mukofotlar bilan taqdirlandi.
Tadbir elimiz ardogʻidagi sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar bilan davom etdi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
