Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqiy teatrida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashkil topganligining 30 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Uning avvalida soʻz olgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi M. Kamalov ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami bilan osoyishtalik posbonlarini samimiy qutladi.
Shundan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Prezidiumining qaroriga binoan, bayram arafasida taqdirlangan ichki ishlar organlari xodimlarining bir guruhiga faxriy unvon va koʻkrak nishonlari topshirildi.
Shuningdek, tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik A. Temirxanov ham soʻzga chiqib, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar hamda soʻnggi besh yil davomida xodimlarga yaratib berilgan imkoniyat va shart-sharoitlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Bundan tashqari, oʻz faoliyati davomida fidoyilik namunalarini koʻrsatib kelayotgan osoyishtalik posbonlari, turli tanlovlarning gʻoliblari, soha faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolariga qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
Koʻtarinki ruhda oʻtgan bayram tadbiri yakunida esa, yigʻilganlarga respublika madaniyat xodimlari hamda vazirlikning “Orol yulduzlari” ansambli ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Azamat PIRNIYaZOV,
“Postda” muxbiri.
