Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Bayroq boshqa davlat ramzlari qatorida, shu aziz Vatanda yashayotgan har bir fuqaro uchun muqaddas va qadrlidir. Shuning uchun ham ona zamin tinchligi va el osoyishtaligi yoʻlida kamarbasta boʻlishni niyat qilgan har bir yurt farzandi Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi oldida Vatanga qasamyod qabul qiladi.
Zalvori togʻlardan-da ulkan boʻlgan ana shunday sharafli vazifani zimmasiga olgan har bir oʻgʻlon davlatimiz ramzi boʻlgan muqaddas bayroqni oʻpib: buyuk ajdodlarining pok ruhlari, ona Vatan oldidagi burchini halol bajarishga, vijdoni, or-nomus va shaʼnini oʻrtaga qoʻyib, Oʻzbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq boʻlishga, mamlakat mustaqilligini, uning sarhadlarini, ona xalqining tinchligi va osoyishtaligini, milliy manfaatlarini soʻnggi nafasigacha himoya qilishga, yurtiga qarshi qaratilgan har qanday tajovuz va gʻarazli harakatlarga qarshi ayovsiz kurashishga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga qatʼiy amal qilishga tantanali ravishda qasamyod qiladi.
«Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida»gi qonun 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan. Mana shu sanaga ham 30 yil toʻldi. Shu oʻtgan vaqt mobaynida faxrimiz va gʻururimiz boʻlgan bayrogʻimiz xorij mamlakatlardagi rasmiy tashriflar, uchrashuvlar, sport musobaqalarida hilpirayotganini koʻrsangiz, qalbingizda albatta, mustaqil yurtimizdan faxrlanish, gʻururlanish hissi paydo boʻladi.
Ayniqsa, BMT binosi yonida yuzlab mamlakatlar bayroqlari qatorida, Vatanimiz bayrogʻini koʻrishingiz bilan qalbingizda gʻurur va iftixor paydo boʻladi. Yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, oʻzida butun Oʻzbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni, ajdodlar yodi hamda millat gʻururini mujassam etgan bayrogʻimiz barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir. Chunki bayrogʻimiz davlatimizning ramzi boʻlish barobarida, xalqimizning tinch-osoyishta, ozod va erkin hayoti, yorugʻ kelajagiga boʻlgan ishonchining ham timsolidir.
Davlat bayrogʻi – davlatning asosiy ramzlaridan biri: rasmiy, boshqa davlatlardan farqlovchi belgisi. Davlat bayrogʻining tasviri maxsus qonun yoki konstitutsiya bilan belgilanadi. Davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi. Davlat muassasalari, elchixonalar, konsulliklar, vakolatxonalar, bojxonalar kabi binolar oldida koʻtariladi. Milliy bayramlar kunlari elchixonalar, vakolatxonalar, konsulliklar oʻz mamlakati bayrogʻini koʻtaradi. Davlat bayrogʻi, shuningdek, marosimlar paytida, xalqaro sport sovrinlari topshirilayotganda koʻtariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining sxematik va rangli tasviri «Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida»gi qonuni bilan tasdiqlangan.
Davlat bayrogʻi va uning ramzi bugungi Oʻzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.
Moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlatining bayrogʻi ham moviy rangda edi.
Oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritkichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang – poklik, begʻuborlik, soflikni, orzu va xayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilishning timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar – vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni paytda u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻidagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʻn ikki yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Davlat bayrogʻiga nisbatan qanday xatti-harakatlar man etilgan?
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasiga muvofiq, «Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida»gi qonunni buzganlik uchun fuqarolarning bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravarigacha jarimaga tortilishiga sabab boʻlishi belgilangan. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslar esa bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.
Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga binoan, Davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish: Oʻzbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Hurmatsizlik qilish deganda, davlat ramzini qasddan yoqib yuborish, yoʻq qilish, unga shikast yetkazish, axloqsizlik namoyish etish nazarda tutiladi. Shunday ekan, milliy timsolimizga boʻlgan ehtirom va hurmat har bir yurtdoshimiz uchun muqaddas burch boʻlmogʻi darkor.
Umuman olganda, davlat bayrogʻi bizning oʻtmishimiz, bugungi kunimiz va kelajagimiz ramzidir. Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. Oʻzbekiston farzandlari qayerda boʻlsa ham, qanday natijalarga erishsa ham, Vatan bayrogʻini ardoqlaydi. Chunki bayrogʻimiz bizning – faxrimiz, gʻururimiz!
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
