Buxoro amiri Shohmurod 1785 yilda taxtga chiqdi. Uning xalq orasida obroʻsi katta boʻlganligi uchun otasi Doniyolbiy oʻziga valiahd etib tayinlashga majbur boʻlgan. Oʻn nafar ukalaridan birortasi ham Shohmurodni yoqtirmas edi. U darvishona hayot kechirar, bozorda hammollik qilardi. Keyin esa pichoqqa qin yasab sotib, shu orqali roʻzgʻor tebratgan. Shuning uchun xalq uni hurmat bilan “Amiri maʼsum” Begunoh Amir unvonini bergan. Mangʻit namoyondalari orasida Shohmurod ham shaxs, ham arbob sifatida alohida oʻrin tutgan. Hokimiyat boshqarish tartiblarini isloh qilib, siyosiy tarqoqlikka barham beradi. Adolat tamoyillariga qattiq amal qildi. 

Amir nihoyatda kamtarin hayot kechirgan. Jumladan, bir yilda bir olacha chopon, bir boʻz koʻylak kiygan. Boshiga olti gazli boʻz salla, oyogʻiga echki terisidan tikilgan saxtiyon mahsi hamda kovush kiygan. 

Amir Shohmurod baʼzi islohatlar oʻtkazib davlatni mustahkamlashga erishdi: otasi Doniyolbiy davrida joriy etilgan turli soliqlarni bekor qilgan. Rais mansabini va qoʻshin tarkibida qozi askarlavozimini joriy qildi. Otasi davrida qisqartirilgan vaqf yerlari miqdorini oshirdi. Bu bilan islom ruhoniylari eʼtiborini qozondi. Mamlakat iqtisodini yoʻlga qoʻyishda Shohmurod oʻtkazgan pul islohati muhim ahamiyat kasb etdi: Shohmurod sof kumushdan tanga zarb qilishni buyurdi. Kimning kumushi (nuqrasi) boʻlsa, zarbxonaga topshirib, evaziga yangi tangalar – pul olishi mumkin edi. Ilgari zarb qilingan tangalar bekor qilinib, yangi pul tijorat ishlari rivojiga yoʻl ochib berdi. Barcha viloyatlarga yangi hokimlar tayin qildi, har shahar va qishloqqa qozi tayinladi. Bu bilan hokimlar oʻz boshimchaligiga barham berdi. Shohmurodning oʻzi qozilarga dastur boʻladigan fiqh haqida “Ayn ul-hikmat” nomli risola yozdi va ilgari surulgan qoidalarni barcha viloyatlarga joriy qildi. Shohmurod joriy qilgan qonun boʻyicha kim mol-mulkka xiyonat qilsa jamiyatdagi martabasidan qatʼi nazar qattiq jazoga tortilishi lozim edi. Bu tadbir xalq manfaatlariga tajovuzning oldini oldi. Shariat qonunlarini amalga tadbiq etish maqsadida raislik (muhtasib) mansabini joriy qildi.

Markaziy hokimiyatning mustahkamlanishini karvon yoʻllarining xatarsizligini taʼminladi. Pul islohoti esa tijorat ravnaqiga sabab boʻldi. Zarafshon vodiysi, Amudaryo havzasi va Qashqadaryo vohasi qadimgidek obod boʻldi. Davlat mablagʻi hisobidan anhorlar chiqarilib, tashlandiq yerlar obod etildi. 

                                   Madina QAHHOROVA tayyorladi.