Uning koʻngliga chiroq yoqsa yorishmasdi. Oʻgʻlining shirin gapirish­lari, ayolining mehribonchiligi, hatto kasbdoshlarining muomalasi ham yoqmaydi. Aslida kayfiyatsizligining arzirli sababi ham yoʻq. Lekin, negadir anchadan beri dunyo koʻziga qorongʻi koʻrina boshladi.

Yaqin doʻstiga maslahat soldi, u oʻzidan misol keltirib, yashashi haminqadarligi, topgani roʻzgʻoridan ortmasligi, shunda ham siqilmasligi haqida uzundan-uzoq vaʼz oʻqidi. Uning sergapligi battar asabini buzdi, xolos. Oʻzidan yoshi kattaroq hamkasbidan maslahat olmoqchi edi, undan ham joʻyali fikr chiqmadi. Qaytanga «Nima yetishmaydi senga, mashina, uy, ish joying, guldek oilang bor, toʻqlikka shoʻxlik qilma», deb koyib berdi.

Nima qilsa ekan? Oxiri oʻylab-oʻylab, obroʻli bir ulamoning huzuriga bordi. Ulamo uning soʻzlarini oxirigacha tinglab, shunday savol berdi:

– Ota-onang hayotmi? 

– Ha.

– Ulardan xabar olasanmi?

– Ha, har oyda ikki marta boraman, tansiq taomlar olib boraman. Ota-onam mendan rozi.

– Yaxshi. Unda borib, otang va oʻgʻlingni huzurimga olib kel. 

Yigit uloviga mindi-da, ikki yoshli oʻgʻlini olib, otasining yoniga bordi. Otasini aylantirib kelaman deb, mashinaga oʻtqizib, yana oʻsha donishmand ulamo huzuriga oshiqdi.

Ulamo eshikdan horgʻingina kirib kelgan otaning koʻzlariga tikildi, ota esa nigohlarini olib qochdi. Bildiki, uning koʻzlariga mung choʻkkan. Soʻngra ulamo yigitning farzandiga qarab, uning kiyimlarini koʻzdan kechirdi, qimmatbaho, ozoda. Yigit gap nimadaligini sezgandek yerga qaradi...

– Oʻgʻlim, sening oʻttiz kunda ikki marta xabar olishing bilan otangning dardi yengillashib qolmaydi. U sening narsangga emas, mehringga muhtoj. Dunyoga kelishingga sababchi boʻlgan zotlar, kichikligingda kunu tun atrofingda parvona boʻlgan padari buzrukvoring, volidangni bu ahvolga solib qoʻyganing, ayniqsa, keksalikda oʻz holiga tashlab qoʻyganing tufayli gʻamga botib qolgansan. Alloh bilguvchi, har bir muammoga yechim topib berguvchi zot. Mening huzurimga yordam soʻrab kelishing xatoingni oʻz vaqtida anglab yetishing hikmatidir. Angla, ota-­onang tirikligida ularga senga kichikligingda mehribonchilik qilganlari kabi mehr koʻrsata olsanggina, ikki dunyo saodatiga erisha olasan. 

Keyin nima boʻldi, dersiz. Yigitning ishlari yurishib ketdi. Eshitishimizcha, u ota-onasini Hajga joʻnatishga tayyorgarlik koʻrayotgan ekan...

Gulchehra 

BUVAMIRZAYEVA.