Talaba-yoshlarning madhiyasiga aylanib ketgan bir qoʻshiq bor, esladingiz-a? Oʻzbekiston xalq hofizi Ilhom Ibrohimov bundan bir necha yil avval ijro etgan «Talabalik davrim mening» qoʻshigʻi hali- hamon oʻz muxlislariga ega. Qoʻshiq soʻzlari tinglovchining qalbini junbishga soladi, shirin xayollarini yorqin xotiralari tomon eltadi. Hofiz mazkur qoʻshiqning yaratilish tarixi haqida intervyularining birida eslab, shunday deydi:

– 1973-yillar, hali talaba boʻlmagan kezlarim. Oʻshanda «Studentligim» degan qoʻshiq boʻlardi. Menga juda yoqardi. Shu mavzuda boshqacharoq yoʻnalishda qoʻshiq qilish niyatim bor edi. Kunlarning birida bu haqida Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimga aytib, maslahat soldim. «Ustoz, talabalik ham bir davr boʻlarkan. «Talabalik davrim mening, davronlarning zoʻrisan», deb bir qoʻshiqbop sheʼr yozib bersangiz desam, juda ham ajoyib fikr», deb qoʻllab-quvvatladilar. Ancha gaplashdik, yana boshqa fikrlarimni aytdim, mana bunday soʻzlarni qoʻshsak yaxshi boʻlardi, deb gʻoya berdim. Qisqa kunlarda Oxunjon aka sheʼr tayyor boʻlganini aytdi. Uni kuyga solgandim, xuddi koʻnglimdagidek qoʻshiq yaraldi. 

Darhaqiqat, yashovchan qoʻshiqlarning siri, avvalambor, soʻzlarning qudratiga bogʻliqdir. Balki, ijodkorning soʻzlarga nisbatan talabchanligi bois ham, yaratilgan qoʻshiqlar biri biriga oʻxshamas, biri birini takrorlamas, biri biridan sevimli va umrboqiydir. 

 

Talabalik davrim mening, 

Davronlarning zoʻrisan. 

Sen umrlar bahorisan, 

Sen umrlar yozisan. 


Qalbimizga ilm-u urfon 

Urugʻlarin ekkan sen, 

Boshimizni kecha-kunduz 

Kitoblarga eggan sen. 


Talabalik davronim sen,

Davronlarning asli sen. 

Yuzlarimga yor nafasi 

Ilk bor tekkan faslisan. 


Allaqachon yulduzlarga, 

Toʻgʻri kelib yulduzlar. 

Bir-biriga termulishar, 

Baxtli qoshi qunduzlar. 


Dillar zavq-u shavqqa toʻla, 

Boʻsh boʻlsa-da hamyonlar. 

Xuddi palov kabi tatir, 

Qattiq non-u yovgʻonlar. 


Yillar oʻtar, ey davronim, 

Sen ham oʻtib ketarsan. 

Bizning yorugʻ taqdirlarni, 

Balki, oʻzing bitarsan. 


Talabalik davrim mening, 

Davronlarning zoʻrisan. 

Sen umrlar bahorisan, 

Sen umrlar yozisan.

Adolat FAYZIYEVA,

 tayyorladi.