Oddiy soʻzlar bilan bitilgan, ammo koʻngilga yaqin ushbu taronani koʻpchilik tinglagan boʻlsa kerak. Ammo uning asl ijrochisi koʻplab muxlislar uchun nomaʼlum edi.
Radiorejissyor, qoʻshiqchi Akbarali Ochilovning «Kelasanmi, derdim» qoʻshigʻi sanʼatkor ijro etgan eng yorqin ijod namunalaridan biri, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Qoʻshiq matnini Toʻlagan Toʻxtayev yozgan.
Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahrida tugʻilgan Akbarali Ochilov maktabda oʻqib yurgan vaqtlaridayoq qoʻshiqlar yoza boshlagan. Sanʼatga boʻlgan qiziqish uni Toshkent sanʼat institutiga yetakladi. 1979-yilda «Toshkent radio uyi»da Qurbonali Usmonov rahbarligida faoliyat yuritgan Akbarali Ochilov Oʻzbekiston radiosining «Bolalar va oʻsmirlar muharririyati» boʻlimida koʻplab shogirdlarga soha sir-asrorlaridan saboq beradi.
Uning qoʻshiqlari 1980-yillarda radioda yangray boshlagan va tinglovchilar qalbini zabt etgan. «Yulduzingni ber, osmon» filmi uchun uning «Kelasanmi, derdim» qoʻshigʻi saundtrek sifatida tanlab olinadi. Filmda bu ashulani Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Karim Mirhodiyev ijro etadi. Ijodkor bu voqeani shunday eslaydi:
– Bir kuni kinorejissyor Farid Davletov filmga bir qoʻshiq kerak, deb qoldi. Shunda yangi tayyor boʻlgan ana shu ashulani taqdim etdim. Keyin film premyerasiga taklif qilishdi. U yerda yarim soat gitarada ashula kuyladim. Kino haqiqatdan ham yaxshi chiqqan edi. Men xursand boʻlib, Karim Mirhodiyevni chin dildan tabrikladim.
Akbarali Ochilovning Oʻzbekiston radiosi fonotekasidan oʻrin egallagan qoʻshiqlari inson koʻnglidan kechadigan inja tuygʻular haqida. Ularni tinglab toʻymaydi kishi.
U mashhurlik uchun kuylamadi. Hayotda nimadandir taʼsirlansa, qoʻliga gitara olib, qoʻshiq yozishga kirishardi.
Qoʻshiqning qanoti bor. Qushdek parvoz qiladi, ezgulik va doʻstlik ulashadi. Vaqt, masofa bilmaydi, xalq bisotiga aylanib boraveradi. Bu qoʻshiqni Muzaffar Mirzarahimov, «Eldido» guruhi, Milena Madmusayeva kabi yosh xonandalar ham sevib ijro etishgan.
Madina QAHHOROVA,
oʻz muxbirimiz.
KelasanmI, derdIm
Bugungiday koʻkdan yogʻilarkan nur,
Nurafshon bogʻlarda uchrashar edik.
Koʻngilda bir ajib halovat, huzur,
Huzurbaxsh oqshomlar ajrashar edik.
Kelasanmi, derdim xayrlashar chogʻ,
Kelaman, deyarding sekin iymanib.
Tilimning uchida hanuz shu soʻroq,
Hanuz yuragimni aylaydi mayib.
Biz yurgan yoʻllarni birga jamlasak,
Borib kelish mumkin oyga piyoda.
Lekin bagʻrimizda koʻngil jonsarak,
Endi bu gaplardan kimga ne foyda?
Oʻsha bogʻda yana uchrashib nogoh,
Erta kelasanmi, kelaqol, desam,
Sogʻinchlar bagʻringni oʻrtasa-da, moh,
Kelaman, demaysan, kelging kelsa ham.
