Naql qilishlaricha, badavlat bir inson oʻgʻliga chiroyli tarbiya beribdi. Oʻgʻli voyaga yetgach, yomon ulfatlar bilan doʻstlashib qoladi. Bundan xabar topgan boy, unga nasihat qiladi. Oʻgʻil esa xotirjamlik bilan:

– Xavotir olmang, otajon, men ularning taʼsiriga berilmayman. Menga bergan tarbiyangiz dilimga mahkam oʻrnashgan, – deydi.

Ammo boy uning gapini eshitib, oʻgʻliga allaqachon ulfatlarining taʼsiri boʻlganini sezadi. Endi oddiy gap bilan qaytarib boʻlmasligini sezgan ota, bir tadbir oʻylab topadi.

Bir kuni u oʻgʻlini olmalarni savatga solish uchun yordamga chaqiradi. Olmalar ichida birgina chirigan olmani koʻrgan oʻgʻil uni olib tashlamoqchi boʻlib, qoʻl choʻzganida ota: 

– Qoʻyaqol bu zararsiz, – deydi. 

Oradan bir hafta oʻtib, boy yana oʻgʻlini chaqiradi. Savatdagi olmalarning barchasi aynigan holatda ekanini koʻrishadi. Shunda oʻgʻil otasiga hayron boʻlib qarabdi. Otasi esa: «Ey farzandim, sen barcha doʻstlaringning taʼsiridan qanday qutulmoqchisanki, bir dona olma idishdagi butun olmalarni mana shunday holga keltirgan boʻlsa?! – deya tanbeh beribdi. Oʻgʻil xatosini anglab, otasidan uzr soʻrabdi.